Trampning shov-shuvli farmoni ijrosi vaqtincha taqiqlandi
AQShning Kaliforniya shtati San-Frantsisko to‘qqizinchi okrugi apellyatsiya sudi mamlakat prezidenti Donald Trampning immigratsiya farmoni ijrosini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha sud qarorini ma'qulladi. Uch nafar sudyadan iborat hay'at qarori 9 fevral kuni e'lon qilindi. Uch kunlik muhokamalardan so‘ng, hakamlar hay'ati Sietl federal sudyasi Jyeyms Robartning qarorini huquqiy asoslangan, deb topgan. Shu bilan prezidentning immigratsiya qoidalarini kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi farmon ijrosi vaqtincha to‘xtatilgan.
Apellyatsiya sudi qarorida aytilishcha, Amerika hukumati, aholisining aksariyati musulmonlar bo‘lgan 7 davlat fuqarolarini kiritmaslik o‘zini oqlashi va Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligi manfaatlariga mos kelishini isbotlab bera olmagan. Bundan tashqari, hukumat vakillari sud eshituvlari chog‘ida, yuqoridagi 7 mamlakat fuqarolaridan biror kishi AQShga kirgach, terrorchilik harakatini sodir etganiga doir dalilni taqdim eta olmagan.
"Ijro farmonining zarurligini isbotlaydigan dalillar taqdim qilish o‘rniga, hukumat o‘zini go‘yo sudyalar uning qarorini shubha ostiga qo‘ymasligi kerakdek tutgan", - deyiladi hakamlar hay'ati bayonotida.
Donald Tramp sud tortishuvlariga sabab bo‘layotgan immigratsiya farmonini 2017 yil 27 yanvarida imzoladi. Unga muvofiq, AQShda qochqinlarni joylashtirish dasturi 120 kunga to‘xtatildi, Eron, Iroq, Suriya, Yaman, Somali, Sudan va Liviya fuqarolarini 90 kun muddatga mamlakatga kiritmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
3 fevral kuni Sietl federal sudyasi Jyeyms Robart Vashington va Minnesota shtatlari hukumatlarining immigratsiya farmoniga nisbatan murojaatini ko‘rib chiqib, uning ijrosiga vaqtincha taqiq joriy qildi.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024