O‘zbekiston | 23:11 / 16.02.2017
26722
5 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat va sport ishlari vazirligi zimmasidagi keng ko‘lamli vazifalarni bajarmagan

O‘zbekiston prezidentning “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilib, uning negizida Madaniyat vazirligi va Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi.

O‘zA ushbu farmonga sharh keltirdi.

O‘zbekiston xalqiga mehnatsevar va ma'rifatparvar ajdodlarimizdan badiiy ijodkorlik, me'morchilik va hunarmandchilikning qadimiy maktablari va an'analariga ega noyob va o‘ziga xos madaniy meros qolgan. Bizgacha yetib kelgan va nafaqat milliy, balki jahon madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan bebaho badiiy, tasviriy, amaliy, me'moriy san'at asarlari va yodgorliklari, xalq qo‘shiqlari, raqslari, sport o‘yinlari va turlari buning yorqin tasdig‘idir. 

Mustaqillik yillarida erkin demokratik rivojlanish yo‘lini tanlagan mamlakatimiz oldida milliy madaniyat va san'atimizni tiklash, asrab-avaylash va yanada rivojlantirish, uni zamonaviy jahon sivilizatsiyasi yutuqlari hisobidan boyitish, o‘sib kelayotgan avlodni ko‘p asrlik an'ana va ma'naviy-axloqiy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha mas'uliyatli va murakkab vazifalar turgan edi. 

Madaniyat va sport sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosati xalqimizning ulkan intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, barqaror rivojlangan, jismonan baquvvat va ma'nan yetuk shaxslar jamiyatini barpo etish, aholining o‘sib borayotgan ma'naviy va estetik ehtiyojlarini ta'minlash, madaniyat va sport muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi. 

Hozirgi paytda mamlakatimizda 39 teatr, 175 muzey, mingdan ziyod aholi dam olish va madaniyat markazlari, istirohat bog‘lari, 301 bolalar musiqa va san'at maktabi, 296 bolalar va o‘smirlar hamda respublika darajasidagi sport maktabi, 51 mingga yaqin sport majmuasi, stadionlar va inshootlar faoliyat ko‘rsatmoqda, 2,7 milliondan ortiq bola sport, musiqa va san'at bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Madaniyat va san'at, sport va jismoniy tarbiya sohasida 69 ming xodim mehnat qilmoqda. 

Shu bilan birga, madaniyat va sport sohasida davlat boshqaruvi samaradorligining tanqidiy tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan mutasaddi organ sifatida o‘z oldiga qo‘yilgan keng ko‘lamli masalalarning to‘liq ijrosi ta'minlanmagan, ayniqsa, davlat boshqaruvi va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini mazkur sohada muvofiqlashtirish, madaniy-ma'rifat va sport-sog‘lomlashtirish muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali kadrlar bilan ta'minlash bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmagan. 

Bundan tashqari, hayotiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bitta vazirlikda madaniyat va sport kabi ikkita ko‘pqirrali va murakkab sohalarning birlashtirilishi ommaviy jismoniy tarbiyani rivojlantirish, istiqbolli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, hududlarda teatr, mumtoz musiqa va boshqa san'at turlarini keng ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yuksaltirish imkonini bermayapti. 

Natijada Madaniyat va sport ishlari vazirligi o‘z ish faoliyatida ko‘p hollarda barcha mavjud resurs va imkoniyatlarini bayramlar madaniy tadbirlarini o‘tkazishga va muhim xalqaro sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirish bilan chegaralanib qolgan. Yuzaga kelgan salbiy holatlarni bartaraf etish uchun vazirlik faoliyatini tubdan isloh qilish zarurati paydo bo‘ldi. 

O‘zbekiston Republikasi Prezidentining “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu sohada davlat siyosatini amalga oshirish samaradorligini keskin oshirish, O‘zbekiston xalqining boy va o‘ziga xos madaniyati, san'ati va ijodini yanada rivojlantirishni ta'minlash, aholining keng qatlam o‘rtasida ma'nan va axloqan komil inson bo‘lishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga intilishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. 

Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkiga ajratildi

Madaniyat vazirligi faoliyatining asosiy vazifalari belgilab berildi

«O‘zbeknavo» o‘rnida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tashkil qilindi

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid