Jahon | 21:59 / 23.02.2017
9991
2 daqiqa o‘qiladi

Musulmon faollar AQShdagi yahudiylar mozorini qayta tiklashga chorlashdi

20 fevralda noma'lum buzg‘unchi shaxslar yuz yillik tarixiy mozorda 170dan ortiq qabr toshlariga ziyon yetkazdi. Voqea AQShda katta muhokamaga sabab bo‘ldi va ko‘plab OAV diqqatini tortdi

Aksildiffamatsion liga johillarni topishga yordam berishi mumkin bo‘lgan ma'lumot  uchun 10 ming dollar miqdoridagi mukofot pulini taklif qildi. 

Missuri gubernatori Erik Greytens mozorni qayta tiklash bo‘yicha ko‘ngillilar yordamini tashkillashtirdi. 21 fevral kuni bu yerga ko‘pchilik yordamga keldi. 

Ikki musulmon faol — Linda Sarsur va Tariq Al-Massidiy  musulmonlarni  AQShda yashovchi yahudiylarga birdamlik ko‘rsatib, qabr toshlarini tiklashga moliyaviy yordam berishga chaqirdi. Dastlab ushbu aksiya doirasida 20 ming dollar to‘plash ko‘zda tutilgan edi. Biroq taniqli yozuvchi Joan Rouling o‘zining Twitter'da bu voqeaga e'tibor qaratganidan keyin xayriya pullari tez sur'atlarda ko‘paya boshladi. 

Bir kun ichida 3 mingga yaqin kishidan 90 ming dollardan ziyod mablag‘ kelib tushdi. Sarsur va Al-Massidiy 20 martga qadar pul to‘plab, so‘ng ularni mozorni qayta tiklash ishlariga yo‘naltirishni rejalashtirishmoqda. Faollar qolgan pullarni boshqa yahudiy markazlarini qayta tiklashga sarflashmoqchi. 

22 fevral kuni AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Sent-Luisda kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashar ekan, "bu razil buzg‘unchilik"ni qoraladi. Shundan keyin mozorni tartibga keltirishda shaxsan ishtirok etdi. 

Aksildiffamatsion liganing mintaqaviy direktori Karen Aroyesti musulmonlar, nasroniylar va boshqa din vakillarining birligidan yoqimli hayratga tushganini ta'kidladi. 

Mavzuga oid