16:38 / 24.02.2017
4627

Skype Lite mobil ilovasi namoyish etildi

Hindistonning Mumbay shahrida bo‘lib o‘tayotgan Future Decoded konferensiyasida Microsoft rahbari Satya Nadella Skype Lite mobil ilovasini taqdim etdi. U aloqa sifati past bo‘lgan mintaqalar foydalanuvchilari uchun mo‘ljallangan. Bu haqida TechCrunch portali xabar berdi

Manbaga ko‘ra, Android operatsion tizimi boshqaruvidagi qurilmalarda ishlovchi ilova xabar almashish va VoIP-telefon funksiyalaridan foydalanish imkonini yaratadi. Kompaniyadan ma'lum qilishlaricha, Skype Lite ilovasi 2G-tarmoqlar uchun maxsus optimallashtirilgan. 

Bugungi kunda Skype Lite faqat Hindistonda ishga tushirilgan. Boshqa mamlakatlarda qachon yo‘lga qo‘yilishi hozircha noma'lum. Ilova sakkiz tilga tarjima qilingan, u yangiliklardan xabar topish va hatto aviachiptalar buyurtma qilish mumkin bo‘lgan chat-botlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Bundan tashqari, 2017 yilning iyunida Microsoft korporatsiyasi Skype Lite'ni Aadhaar milliy tizimi bilan integratsiya qilmoqchi. Aadhaar - hind fuqarolarining biometrik ma'lumotlari saqlanuvchi tizim. 

Kompaniya vakillarining ma'lum qilishicha, bu turli vaziyatlarda noma'lum abonentlarni tez aniqlash imkonini beradi. 

Top