Light | 16:05 / 25.02.2017
52843
10 daqiqa o‘qiladi

Bill Geytsning biz bilmagan qirralari

Bill Geytsning hayoti haqida kino suratga olsa arziydi: Harvardni tashlab ketgan, eng badavlat milliarder va dunyodagi eng mashhur xayriyaparvar bo‘lgan. Business Insider u haqida ko‘pchilikka noma'lum qiziq faktlarni tanlab taqdim etdi.

Geyts maktabda yuqori sinflarda o‘qigan paytlarida ma'muriyat undan kompyuterda darslar jadvalini tuzib chiqishni so‘ragan. Geyts dasturni shunday tuzganki, o‘zini maktabdagi eng chiroyli qizlar bilan bir sinflarga taqsimlagan.

Geyts Harvarddagi oldindan yozilgan ma'ruzalariga hech qachon kirmagan, buning o‘rniga o‘zi xohlagan joylarga borardi. Shunday bo‘lishiga qaramay, u imtihonlardan a'lo baholar olishni uddalardi.

Harvardda 20 yoshli Geyts murakkab matematik vazifani yechib, algoritm o‘ylab topgan. Uni 30 yildan keyin yaxshilashga muvaffaq bo‘lingan. Biroq professor Geytsga qo‘ng‘iroq qilib, uning ishi ilmiy jurnalda chiqishini aytganida kech bo‘lgandi - Geyts Harvardni tark etib, Microsoft kompaniyasiga asos solgandi.

"Ikki yil o‘tgach, men unga qo‘ng‘iroq qildim va bizning maqolamiz nufuzli matematik jurnallardan birida chop etilishini aytdim. Bu uni mutlaqo qiziqtirmasdi. U Nyu-Mexiko shtatidagi Al­bu­ker­ke shahriga ko‘chib o‘tdi va mikroprotsessorlar uchun kodlar yozish bilan shug‘ullanuvchi firmaga asos soldi. Yodimda, o‘shanda o‘zimcha o‘ylagandim: "Juda aqlli bola. Afsuski, shunday bema'ni ishlar bilan shug‘ullanib yuribdi!", - deya xotirlaydi Harvard professori Xri­stos Pa­pa­di­mit­riu.

Bill Geyts Microsoft'ning ilk idorasi joylashgan Albukerke atrofidagi sahrolar bo‘ylab shiddat bilan harakatlanardi. Bir kuni do‘sti unga Porsche 928 sportkarini berib turdi - Geyts YTHga uchradi. Avtomobilni ta'mirlash ishlariga bir yil ketdi.

Albukerkedan Sietlga, yangi uyiga Porsche 911'da ketayotgan Geyts tezlikni oshirgani uchun uch marta jarimaga tortildi. Ulardan ikkitasini bir politsiyachi yozgan.

Bill Geyts Microsoft xodimlarining avtomobil raqamlarini yodda saqlab qolgan va ularning ishda yoki ishda emasligini shu tariqa tekshirardi.

"Ulardan o‘zim kabi ish bilan yonib yashashni talab qilmaslik uchun o‘zimni qo‘lga olishimga to‘g‘ri kelardi. Men o‘z xodimlarimning avtomobillari raqamlarini yodda saqlardim va ularning ishga kelish-ketish vaqtini nazorat qilish uchun avtoturargohga chiqib qarardim. Oxir-oqibat tizginni bo‘shashtirishimga to‘g‘ri keldi, zero kompaniya kengaydi", - deydi Geyts The Telegraph gazetasiga bergan intervyusida.

Bill Geyts Windows'ning "Saper" o‘yiniga shu qadar fanat bo‘lgandiki, hatto ishga diqqatini jamlash uchun uni idoradagi komyuteridan o‘chirishga to‘g‘ri keldi.

Microsoft xodimi "Saper"ni Geytsdan yaxshi o‘ynaydigan dasturni tuzganida, Bill unga elektron xat yozdi: "Agar mashinalar qo‘yilgan vazifalarni tezroq uddalasa, odamlar qanday qilib o‘z nufuzini saqlasin?".

1990 yilda Microsoft'da ishlar juda yaxshi ketayotgan edi. Biroq kompaniya siyosati shundan iborat ediki, xodimlar ishchi safarlariga "ekonom-klass"da uchishlariga to‘g‘ri kelardi. Geytsning o‘zi ham uzoq vaqt davomida "ekonom-klass"da parvoz qilgan.

Microsoft katta vitse-prezidenti bo‘lgan Bred Silverberg shunday xotirlaydi:

"1990 yilda kompaniyaga kelganimdan so‘ng men, Bill va jamoadagi yana bir necha kishi mijozlar bilan uchrashish uchun Sietldan Nyu-Yorkka uchayotgandik. Bu deyarli 25 yil avval, Windows 3.0 ishga tushirilgandan keyin edi, biroq Microsoft o‘sha davrda ham taniqli kompaniya hisoblanardi. Shunday bo‘lsa ham, korporativ siyosatga ko‘ra, hamma "ekonom-klass"da uchishi kerak edi. Billning o‘zi ham shu toifada parvoz qilardi. Unga joyning qanday bo‘lishi ahamiyatsiz edi, chunki butun parvoz davomida u mutolaa bilan band bo‘lardi. U vaqtlar Billni hozirgidek tanishmasdi, shu bois u hech qanday muammosiz oddiy reysda ucha olardi. Menda, ya'ni Microsoft'ning yangi xodimida Bill ko‘rsatgan ibrat katta taassurot qoldirgan".

Keyinchalik Geyts xususiy samolyot xarid qildi.

Stack Overflow asoschisi Joel Spolski Microsoft'ning birinchi xodimlaridan bo‘lgan:

"Ilgari bizda Bill Ji rezolyutsiyasi bo‘lardi". U deyarli barcha ma'lumotlarni tekshirardi.

Yig‘ilishlardan birida mening jamoamda yagona vazifasi Billning necha marta so‘kinganini hisoblashdan iborat bo‘lgan kishi qatnashgan. Qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi hisoblanardi.

Yig‘ilishdan keyin u menga "4 marta" dedi va atrofdagilar "Ooo, hech qachon bunchalik kam bo‘lmagandi. Aftidan Bill keksaygan sari yumshab borayotgan ko‘rinadi" deyishdi. U o‘sha payt 36 yoshda bo‘lgan. Keyin esa menga tushuntirishlaricha, aslida Bill barcha texnik tafsilotlarga berilmagan, lekin unga insonning vaziyatni to‘liq nazorat qilishini bilish muhim bo‘lgan. Uning eng oddiy yondashuvi shundan iborat ediki, siz oxir-oqibat nimanidir bilmasligingizni tan olmaguningizga qadar biri-biridan qiyin savollar beraverardi. Bilmasligingizni aytganingizda esa, hech narsa tayyor emasligini aytib, baqirishni boshlardi. U o‘ylab topgan eng murakkab savolga javob topgan insonga nima bo‘lishini hech kim bilmagan, chunki hech qachon bunday bo‘lmagan.

Bu o‘z hosilini bergan. Bill Geyts ishning texnik tomonini juda yaxshi ilg‘ardi. U o‘zi ishongan odamlari bo‘lsa, dasturiy ta'minotni ishlab chiqishga aralashmasdi. Biroq hech kim uning "qulog‘iga lag‘mon ila olmasdi", chunki u dasturchi bo‘lgan. Haqiqiy yaxshi dasturchi".

Microsoft kompaniyasi IBM uchun birinchi litsenziyalangan operatsion tizimni ishga tushirganida IBM'dagilar Geyts va uning kompaniyasi DOS tizimida qandaydir o‘yinlar yaratishini istashgan. Natijada Geyts va Neyl Konzen tungi soat 4gacha, DONKEY.BAS o‘yinini yozishgan.

Apple Macintosh'da ilk marta IBM kompyuterini ko‘rishganida DONKEY.​BAS ularni shu qadar hayratga soldiki, ular Geytsning muallifligiga ishona olishmasdi.

"Biz bunday yomon o‘yinning hammuallifi Microsoft asoschisi ekanligi va Geyts buning muallifligiga qo‘l qo‘yganidan hayratlandik", - deydi Apple sobiq xodimlaridan biri Endi Xer­ts­feld.

Bill Geyts idish yuvishni yaxshi ko‘radi va deyarli har kuni kechqurun shunday qiladi. "Gap bu ishni bajarishga boshqa odam yo‘qligida emas, shunchaki mening o‘zimga idish yuvish yoqadi", - deya izohlaydi u.

Intervyulardan biri olinayotgan paytda Bill Geyts hojatxonaga kirib, eshikni qulflab oldi va jurnalist kinoyali tanbehlari uchun uzr so‘ramagunga qadar u yerdan chiqmagan.

Microsoft haqida yozuvchi jurnalist Jo Fouli shunday hikoya qiladi:

"Bu juda qiziq bo‘lgandi. Biz bir necha boshqa jurnalistlar bilan birga undan PC Week nashri uchun intervyu olayotgandik. Ularning orasida Jon Joj ham bo‘lgan. Uning intervyu olish uslubi menikidan ancha farq qiladi. Jorj - men ishlagan eng yaxshi rahbarlardan biri, biroq u o‘z intervyularida kesatishni yaxshi ko‘radi. U har gapida Geytsga kinoya qilardi. Gap "bozor" atamasi haqida borayotgandi".

Geyts sekin-asta asabiylasha boshladi. Oxir-oqibat o‘rnidan shart turib, hojatxonaga yashirinib oldi va u yerdan chiqishni istamadi. "Jon uzr so‘ramagunicha bu yerdan chiqmayman" dedi u. Jon eshik oldiga borib "Uzr so‘rayman" dedi. Shundan keyingina Geyts chiqdi.

U paytlar Bill Geyts boshqa odam edi. U farzandli bo‘lganidan keyin mutlaqo o‘zgardi. Bunga qadar u oddiy botanik bo‘lgan, keyin esa odamiylik jihatlari ochila boshlagan. Shuning uchun odamlarga Geytsning avvalgi paytlari haqida so‘zlaganimda menga hech kim ishonmaydi. "Bill Geyts-a? Bo‘lishi mumkin emas!", - deyishadi ular.

Eng katta muhokamaga sabab bo‘lgan intervyu 1994 yilda bo‘lib o‘tgan. Geyts CBS kanaliga intervyu berayotib, studiyani tark etgan. Bunga Konni Changning Microsoft'ga qarshi olib borilgan aksilmonopoliya tergovi haqida yoqimsiz savollar bergani sabab bo‘lgan.

Biroq bundan avval u joyidan qimirlamay, kresloning ustidan sakrab o‘tish qobiliyatini namoyish etishga ulgurgan. Ishonmasangiz, videoni ko‘rishingiz mumkin.

2014 yilda Geyts Reddit portaliga bergan intervyusida yillar o‘tgan sayin uning yengil atletikaga doir  ko‘nikmalari yomonlashganini aytadi. "Ehtiyot bo‘ling. Agar "o‘xshamay qolsa", biror joyingizni sindirib olishingiz hech gap emas".

Mavzuga oid