Jahon | 21:31 / 27.02.2017
6248
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya THAAD RQM tizimlarini golf maydoniga joylashtirmoqchi

Foto: Reuters

Janubiy Koreya AQShning raketalar hujumiga qarshi tizimi THAAD’ni joylashtirish uchun Sonju uyezdidagi golf-klub hududini tanladi. Golf-klub egasi Lotte Group kompaniyasi o‘z yerini bu tizimlarni joylashtirish uchun taqdim qilishga rozi bo‘lgan. Bu haqda 27 fevralda The South China Morning Post nashri Janubiy Koreya mudofaa vazirligidagi manbalarga iqtibos keltirgan holda xabar berdi.  

Golf maydoni Sonjuning ma'muriy markazidan shimolga tomon 18 km uzoqlikda va dengiz sathidan 680 metr yuqorida joylashgan. 

Dastavval THAAD’ni "Sonsan" harbiy bazasida joylashtirish rejalashtirilgandi, biroq bunga mahalliy hokimiyat va aholi qat'iy qarshi chiqqan.

Ta'kidlanishicha, RQM tizimi joylashtiriladigan joy aholi yashaydigan hududlardan uzoqda joylashgan. 

Janubiy Koreya THAAD tizimini 2017 yil oxirigacha ishga tushirmoqchi.  Bu tizim zarurat tug‘ilganda Shimoliy Koreyaning ballistik raketalarini urib tushiradi. 

Bu tizimning Janubiy Koreyada joylashtirilishi Xitoy va Rossiyada tashvish uyg‘otmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid