O‘zbekiston | 19:14 / 03.04.2017
27325
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy tibbiyot muassasalari barcha turdagi soliqlardan 5 yilga ozod etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. 

Hujjat sog‘liqni saqlash xususiy sektori taraqqiyotiga har tomonlama ko‘maklashishni kuchaytirish, xususiy tibbiyot tashkilotlarining aholiga yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish, shuningdek, tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga qaratilgan.

Qaror bilan aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) xususiy tibbiyot muassasalari, jumladan, xorijiy investorlar ishtirokidagi xususiy tibbiyot muassasalari 2022 yilning 1 yanvarigacha quyidagi to‘lovlardan ozod etildi:

barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lashdan, bunda bo‘shagan mablag‘lar xususiy tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat ko‘rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlari, materiallar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun yangi binolar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltiriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari va materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlari bunday mustasno).

Qishloq joylarda esa tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etildi.

Tijorat banklariga xususiy tibbiyot tashkilotlariga zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini, jumladan, xorijdan sotib olish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar;

aholiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan, bank kredit kartalari bilan hisob-kitob qilish asosida xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmatlaridan foydalanish uchun iste'mol kreditlari taqdim etish tavsiya etildi.

Mavzuga oid