Yolg‘onlardan voz kechib, bir g‘oya ostida ruhan birlashish vaqti bo‘lmadimikan?
Bugun jamiyatimizga yangi bir G‘OYa, mafkura kerak. Mafkuraki, mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni yagona bir bayroq ostida ruhan birlashtiruvchi va ayni zamonda har bir Vatandoshdan kerak bo‘lsa bu g‘oya uchun jonini qurbon qilishga ham, yashatishga ham qodir, kuchli bir g‘oya kerak. Zamonaviy davlat qurilishi olimlari yoxud demokrat liberallar orasida bu fikrga qarshi chiquvchilar ko‘p. Iddao esa ayni - hech bir mafkura davlat mafkurasi bo‘la olmaydi! Konstitutsiyada ham yozilgan qonun bu, deyishadi.
Ular bilan bahsga kirishish niyatidan uzoq holatda shuni ta'kidlashim lozimki, men Davlatga emas jamiyatga, o‘zini ongli sanagan har qanday mamlakatga, millatga uni kuchli qiladigan hamda umid baxsh etadigan mafkura kerakligini ta'kidlamoqchiman. Ayricha, aslida mafkura davlat mafkurasi bo‘lmasligi kerak iddaosini demokratiyaning asosi sifatida targ‘ib qilayotganlarning qaysi biri menga mafkurasi bo‘lmagan (ochiq yoxud maxfiy bu boshqa masala) rivojlangan davlatni, mafkurasi bo‘lmagan, g‘oyasi bo‘lmagan, dunyoda iddaosi bo‘lmagan kuchli millatni ko‘rsata oladi? Albatta, na bunday millat va na bunday davlat bor.
Tarixiy falsafiy misollar va fikrlar borasida tortishishdan voz kechib, asosiy masala - bugungi kundagi bunday ehtiyojni vujudga kelish sababiga to‘xtalsak.
Manfaatsiz siyosat bo‘lmaydi
Dunyo siyosiy poligonida vaziyat naqadar keskinlashib ketayotgan bo‘lsa, dunyo iqtisodiy holati ham shunchalik og‘ir vaziyatni boshdan kechirmokda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining so‘nggi o‘n yillikda roli va ahamiyati (ta'sir kuchi!)ning kuchsizlanish tendensiyasi, unga a'zo gegemonlikka da'vogar mamlakatlarning istaganida xalqaro qonun qoidalarga amal qilib, istaganda ochiqchasiga amal qilmaslik holatlarining kuchayayotgani, o‘rni kelganda BMT Xavfsizlik kengashida ba'zi davlatlarning ochiqcha aytayotgan yolg‘onlari, istasakda-istamasakda qadam baqadam insoniyatni uchinchi jahon urushi sari olib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Insoniyat tanazzul sari ketmoqda. Jahonda rivojlangan, rivojlanayotgan va rivojlanmayotgan mamlakatlar ("tretiye strany" iborasi) degan iboralar xalqaro siyosiy muzokaralarda ko‘llanilayotgani - Odam alayhissalom avlodlarining ochiqchasiga tabaqalanishi - zotan tanazzuldir. Bu chiroyli iboralar ortida aslida boylar, o‘rta hollar va kashshoqlar ma'nosi yotadi. Bu tabaqalanishni muomalaga kiritgan "boylar" (rivojlangan mamlakatlar) esa o‘zida qashshoqlar (rivojlanmagan mamlakatlar) ustidan hukmronlik qilish, ularning taqdiri ustidan hukm chiqarish huquqimiz bor, degan tushunchada yashamoqdalar. O‘z siyosatini ana shu tushunchalar asosida olib bormoqdalar. Shunday bo‘lmasa Yevropada bir yilda spirtli ichkiliklarga sarflanayotgan mablag‘ Afrika qit'asidagi insonlarning toza ichimlikka bo‘lgan ehtiyojini tamoman qondirishga yetishi kabi holatlar o‘rtaga chiqarmidi?!
Rivojlanayotgan mamlakatlarga qarab havaslanayotgan sodda insonlar ko‘p. Bunday davlatlarning aksari bu rivojlanishga milliardlab Davlat kredit qarzlari evaziga erishayotganligini, bu qarzlarni esa bugun qarz evaziga, go‘yoki "mazza qilib yashayotgan" - millatlarning ertangi bolalari to‘lashi lozimligini, buning uchun Davlat kimga qarzdor bo‘lsa o‘shalarning sharti asosida siyosat yuritishga majbur bo‘lishi, ular tavsiya qiladigan kitoblar o‘qilishi, kinolar ko‘rilishi, yoshlar ularning tavsiyalari asosida tarbiyalanishi, ular istagan hayot tarzi sekin-asta urf bo‘lishi shartlari majburiyatga aylanishini ko‘pchilik bilmasa kerak. Bilsada bu haqda o‘ylamaslikka harakat qiladi.
Bo‘lmasa olmasin kreditlarni, birov majbur qilmaydi-ku, der ba'zilar. To‘g‘ri hech kim majbur qilmaydi ochiqchasiga. Faqat o‘z ixtiyori bilan "rozi" qilinadi. Bunday kreditlarni olishdan bosh tortgan, kredit ortidan qo‘yilgan shartlarga norozi o‘lkalar inson huquqlari toptalishida, terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda, kimyoviy qurol saqlashda, norasida go‘daklarning qotilligida yoki o‘z xalqiga zulm qilishda ayblanadi. Istalgan mamlakatda go‘yoki hurfikr demokratlar xo‘rlanayapti, erkinlik toptalayapti bahonasida revolyutsiyalar uyushtirilaveradi. Jahonda qudratli deb bilingan davlatning maxsus xizmati rahbari A.D.ning uzoq 1953 yilda "Biz istalgan davlatning chegarasini jismonan kesib o‘tmay, u yerda hukumatlarni ag‘darish texnologiyasini qo‘lga kiritdik", degan e'tirofini eslashning o‘zi kifoya. Tokay o‘sha "quloqsiz" davlat boshiga tashqi kuchlarning istalgan odamlari boshchiligidagi, ularning qoidasi asosida davlat siyosati olib borishni istovchilar hukumati davlat tepasiga keltirilmaganiga qadar bunday ishlar davom etaveradi. Misollar keltirib o‘tirmasligimning sababi ikkita: birinchisi, bu haqiqatlarni anglash zehniyatiga ega insonlar qaysi davlatlarni nazarda tutayotganimni shundoq ham biladi, ikkinchisi, u davlatlarning nomi misol keltiraverilib siyqasi chiqib ketdi. Ortiq o‘quvchi bu mamlakatlar nomini eshitsa, ko‘ngli ayniydigan darajaga kelib qoldi. Albatta, bu ishlarning barchasi mafkuraviy yo‘llar, texnologiyalar, insonlar ongini boshqarish, omma tafakkurini zarur yo‘nalishda shakllantirish kabi ilmlar, fanlar yordamida amalga oshiriladi. Bularning barchasini ortida qaysi mamlakat turibdi dersiz? Bularning ortida mamlakatlar emas transmilliy korporatsiyalar turibdi. Fakat ijrochilar sifatida ba'zi mamlakatlar, halqaro tashkilotlar qo‘llaniladi xolos. Qisqasi dunyo siyosati maydonida manfaatsiz siyosat bo‘lmaydi.
Oshqozon miyadan aqlli...(mi?)
Har kuni dunyoning barcha nuqtasida urush bormoqda. Urushki - sovuq qurollarsiz, o‘qlarsiz, qonlarsiz ammo qurbonlarsiz emas. Informatsion qo‘shinlar tinimsiz butun dunyoda har soniya - televizoringiz yoniq, telefon yoki kompyuteringiz internetga ulangan har soniyada sizning, bolangizning, ayolingizning ongu shuurini zabt etish uchun urush olib bormoqda. Maqsad esa bitta - insoniyatni ma'naviyatidan, ruhiyatidagi ahloqdan mosuvo qilib, uni yashashdan maqsadi - faqat iste'mol qilishdan iborat mahluqqa aylantirishdir. Rahmatli Chingiz Aytmatovning bir gapi bor: ''oshqozon miyadan aqlliroqdir, chunki qayt qilib tashlashni biladi, miya esa har qanday axlatni ham yutaveradi''.
Telefoningizda internet orqali kelayotgan reklamalarga, aniqrog‘i reklamadagi holatlarga e'tibor qiling: reklama qilinayotgan mahsulot old planda boshqa, ammo orqa planda reklama roligidagi ohang, kiyinish uslubi, o‘zini tutish normalari boshqa. Go‘yoki mahsulotni sizga tavsiya etishadi-yu, aslida esa sizning ko‘zingiz ko‘rmaydigan, ammo ong osti darajada ta'sir etuvchi yigirma beshinchi kadr ongingizni zaharlaydi. Siz u mahsulotni balki umuman sotib olmassiz, ammo reklama ongingizning siz bilmagan nuqtalarida o‘z ishini qilib bo‘lgan bo‘ladi...
Insoniyat tarixi, ma'naviy hamda madaniy, diniy qadriyatlari ustidan kulish orqali inson ongini manipulyatsiya qilish - uning ma'naviy ildizlariga bolta urush - ko‘rinmas informatsion qo‘shinlarining strategiyasidir. Asosiy maqsadlarini fosh etmaslik uchun bularning barchasi ko‘ngilochar vositalar orqali amalga oshiriladi. Ular fath etib bo‘lgan o‘lkalarda esa ularning bayroqlari markaziy ko‘chalar va binolarda osig‘liqdir. Ularning bayroqlari - korporatsiya va kompaniyalarning brendlaridir. Shukrki, bizning mamlakatni bu infoqo‘shinlar hozircha zabt eta olgani yo‘q. Ammo urush davom etayapti. So‘rarsiz, kim bu urushni olib borayotganlar bizga qarshi deb. Javob beray: tungi klublarda bolalaringiz qaysi musiqalardan huzur qilayotganiga, qaysi uslubda kiyinayotganiga, qaysi internet saytlarida "mazza" qilayotganiga, ijtimoiy tarmoqlardan bir - biriga qaysi videolarni ulashayotganligiga e'tibor qiling - savolingizga javobni topasiz. Chingiz aka rahmatlining haqligiga iymon keltirasiz.
Nima qilmoq kerak?
Bugun insoniyat ana shunday tahlikali bir davrni boshidan kechirayotganida, biz ya'ni millati va dinidan qat'i nazar O‘zbekiston vatandoshlari transmilliy korporatsiyalar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lib qolmaslik uchun, yashayotganimiz Vatanimiz tuprog‘ida qonlar to‘kilmasligi uchun, bolalarimiz ertaga ko‘chada yurishga qo‘rqmasligi uchun, odamiylik, odamgarchilik deb ataydigan milliy o‘zligimiz, milliy xosligimiz, turmush tamoyilimizdan mahrum bo‘lmaslik uchun, O‘ZBeKISTON degan DAVLAT boqiy turishi uchun nima qilishimiz kerak?
Qilinishi kerak bo‘lgan ish ko‘p. Bu hakda chetdan turib maslahat beruvchilar (aslo yomon ma'noda emas!) barobarida o‘z fikr mulohazalari bilan bo‘lishayotgan olimlaru, oddiy vatandoshlarimiz ko‘p. Bunday takliflar portalda ham qalashib yotibdi aslida. Ammo bu borada mening ham fikr bildirish huquqimdan foydalanib, aytadigan takliflarim bor.
Birinchi qadam hamisha og‘ir !
Biz millat sifatida, eng avvalo, yolg‘ondan voz kechishimiz kerak. Mashhur Singapur iqtisodiy mo‘'jizasi ham aslida ana shu qadamdan boshlangan edi. O‘zimizni aldashni bas qilish ayni onda haqiqatni qabul qilish demakdir. Ishga o‘n daqiqa kech kelsa, premiyadan mahrum qilib, ish soati oltida tugasada yana ikki uch soat ishlatib, ayni maoshni berish yolg‘ondir! Besh ish kuniga shartnoma tuzib, olti kun ishlatib, besh kunlik maosh berish yolg‘ondir! Har kuni ishga kelib ketib, na haftalik, na oylik maqsad qo‘ymasdan, natijasiz ishlash yolg‘ondir! O‘qituvchi, shifokor, nafaqachi (nafakaxo‘r emas!), ziyolilarning jamiyat ijtimoiy hayotida mavqe'i va ijtimoiy ahvoli past bo‘lsa, buyuk kelajak haqidagi o‘ylar yolg‘ondir! Qirq kunlik askarlikka borib kelib, bir marotaba o‘q otmagan, avtomatni bo‘lish va yig‘ishni bilmagan askarning harbiy guvohnomasi yolg‘ondir! Yoshlarni chiroyli gapirishga (maddohlik qilishga) emas, amalda jasoratli, haqiqatparvar, prinsipial, ilmga mukkasidan ketgan, fidoiy bo‘lishga; shahardagi shundoq ham istasa bo‘sh vaqtini nima bilan o‘tkazishni biladigan yoshlar emas, qishloqda mehnatning tagida ezilib, vaqt topsa ketmonini tutib ish bilan andormon bo‘layotgan qahramon yoshlarning hayotiga ma'no baxsh etishga, o‘z salohiyatini oshirish uchun imkoniyat yaratishga asosiy e'tiborini qaratmayotgan yoshlar tarbiyasi uchun mas'ullarning, tashkilotlarning ishlari, hisobotlari yolg‘on! O‘ttiz uch millionli xalqning nomidan bekorchilikda o‘tirib sms yo‘llab, qo‘shiqlarga berilgan atigi besh yuz ming (agar haqiqatda shuncha odam ovoz bersa!) berilgan ovoz orqali O‘zbekiston xitlari nomi berilgan qo‘shiqlarning xitligi yolg‘on! To davlat rahbari aytmaguncha yoki tepadan topshiriq bo‘lmaguncha nima ish qilishi kerakliligini bilmay o‘tiradigan amaldorlarning fidoiyligi yolg‘on! Millat baqosi uchun ertayu kech tinimsiz ishlayapman deb o‘zini ovutayotgan, aslida Farobiy, Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Dostoyevskiy, Tolstoy, Behbudiy, Zbignev Bjyezinskiylarning asarlarini o‘qimagan mas'ullarning layoqatliligi yolg‘on! Bir adolatsizlik yoki haqsizlikni ko‘rib indamay ketish jinoyat emasligi yolg‘on! Pora orqali mansabga o‘tirayotganlarning davlatga xizmat qilish da'vosi yolg‘on! Pora olayotganlarning o‘zlarini hojatbaror deb bilishlari yolg‘on! Biz bu yolg‘onlardan voz kechishimiz kerak.
Ikkinchi qadam ham yengil emas
Ikkinchi qadam, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimini qayta isloh qilishdir. Isloh-ki fundamental isloh. Aholisi o‘ttiz uch milliondan ortiq mamlakat sifatida 63 tagina oliy o‘quv yurtiga egaligimiz milliy ilmiy salohiyat tarafidan nochor ekanligimizni ko‘rsatadi. Har yili salkam olti yuz ming bitiruvchidan yetmish mingga yaqinigina o‘qishga qabul qilinadi. Qolganlarining taqdiri nima bo‘ladi? Bu o‘qishga kirib bitirganlarning diplomlari nechta mamlakatda o‘tadi? Xalqaro standartlar talablariga nechta OO‘Yu javob berar ekan? Ipidan ignasigacha korrupsiya o‘chog‘iga aylangan bu tizimdan butunlay voz kechish lozim.
Davlat OO‘Yulari barobarida chet el OO‘Yulari, xususiy OO‘Yulari ochilishiga imkon berish kerak. OO‘Yulari Yevropaning aksariyat davlatlarida qo‘llaniladigan tizim asosida faoliyati qayta tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir. Jumladan, OO‘Yulariga talabalarni qabul qilish imtihonsiz amalga oshirilishi kerak. Istagan bitiruvchi istalgan OO‘Yuga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Ammo, kontrakt to‘lovi evaziga. Kontrakt to‘lovi mikdori bozor sharoitidan kelib chiqqan holda, albatta, qimmat bo‘ladi. Hozirgi davrda taxminan o‘ttiz million so‘m atrofida. Buning natijasida OO‘Yulari o‘rtasida raqobat kuchayadi. Professorlik tarkibini kengaytirishga, sharoitlarni yaxshilashga harakat qilishadi. Xalqaro standartlarni qo‘lga kiritish orqali taqdim etayotgan diplomlarining boshqa davlatlarda tan olinishi uchun imkoniyat yaratishadi. Ko‘proq talaba jalb qilishga harakat boshlanadi. Chunki qancha ko‘p talaba bo‘lsa, OO‘Yulari shunchalik ko‘proq iqtisodiy manfaat topadi, o‘qituvchilariga ko‘proq maosh to‘laydi. Imkoniyatlarini kengaytiradi. Har yili yoki semestr oxirida Davlat standarti asosida imtihon qilinadi talabalar. O‘tmaganlar haydalmaydi. Qaytadan o‘sha yilni yoki semestrni qaytadan to‘lov orqali davom ettiradi. Albatta, kimdir xalkning iqtisodiy ahvoli bolasini o‘qitish uchun buncha ko‘p pul to‘lash imkoniyatini topolmaydi deyishi mumkin. Birinchidan, Davlat hozir bu tizimga milliardlab ajratayotgan OO‘Yularini moliyalashtirishdan ozod bo‘ladi va bu mablag‘larni Davlat grantlari Dasturi tashkil qilib, shu Dasturga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Davlat grantlari Dasturi OO‘Yu tizimidan alohida bo‘ladi. Bunda grant olishni istagan talabalar Dasturga ma'lum bir imtihon topshirib grantni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Ya'ni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qo‘yilgan talab - ballni yiqqan holatda Dastur tomonidan bir yillik kontrakti to‘lab beriladi. Bundan tashqari, istalgan kompaniya va firmalar o‘zlariga yuqori malakali mutaxassis tayyorlash uchun, keyinchalik ma'lum muddat ishlab berish sharti bilan grantlar taqdim etadi. Albatta, Davlat yoki xususiy grantlar bo‘lsin, ularni qozonishning yagona yo‘li ilm sinovi bo‘ladi. Tabiiyki, ilmi kuchlilar grant asosida o‘qishadi. Natijada sohadagi korrupsiya tugatiladi, yoshlarning katta qismi OO‘Yularida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi, Davlat milliardlab harajatdan qutuladi, OO‘Yulari hamda mutaxassislar sifati oshadi, mamlakat ilmiy salohiyati o‘sadi, xususiy sektor rivojlanadi. Yana bir oddiy tilda aytiladigan, oddiy haqiqat bor - puli kuygan sovunni yerkan deganlariday, bepul erishilgan narsaning qadri bo‘lmaydi. Ya'niki, odamlar pul topish uchun, sarflangan puldan natija olish uchun tanballikka chek qo‘yishga majbur bo‘ladi. Keng profilli sifatsiz mutaxassislardan, aniq yunaltirilgan tor profilli mutaxassislar yetishtiriladi.
Sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan yana ikkita muhim qadam bor. Birinchisi, dunyoda shuncha siyosiy jarayonlar bo‘layotgan, polit texnologiyalar qo‘llanilayotgan bir davrda o‘zbek ilm olamiga politologiya - siyosatshunoslikni qaytarish vaqti kelmadimikin?
Ikkinchisi, rivojlanayotgan mamlakatlardagi rivojlanishning asosiy manbasi ilm-fan va texnologiya rivojiga e'tibor ekanligini bilganimiz holda, turli aniq fanlar, jumladan, texnik yo‘nalishda ilmiy izlanish, ilmiy yangilik yaratayotgan yosh olimlarimiz ilmiy ishlarini yoqlashda duch kelayotgan sun'iy to‘siqlarni olib tashlash vaqti kelmadimikin? Masalan, texnik sohada ilmiy ixtiro qilgan, o‘z sohasini mukammal bilgan yosh olim, o‘z ilmiy yangiligini ilm olamida himoya qilish uchun nega tarix, ingliz tili kabi imtihonlardan o‘tishga qimmatli vaqtini sarflashi kerak? Bu bilan men tarix yeki ingliz tili ahamiyatini kamsitmoqchi emasman. Faqat shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda, texnika sohasidagi yangi ixtironi yoxud tibbiyot sohasidagi yangi davolash usulini tezroq ilmiy olamga taqdim qilish, bu texnologiya yoki usul bo‘lsin, umuman ilmiy yangilikni mamlakat ijtimoiy iqtisodiy hayotiga tezroq tadbiq etish mamlakat rivoji uchun foydaliroq emasmi? Shaxsan mening o‘zim yoshi oltmishdan oshgan mamlakatdagi sanoqli fleybolog va yosh bo‘lsada sohasida tengsiz qon tomir jarrohlaridan bir nechtasini bilaman. Yillardirki ilmiy ish himoyasidan oldin topshirilishi kerak bo‘lgan ingliz tili imtihonidan o‘ta olishmayapti. Chunki sohasining yetuk va fidoiysi sifatida ishdan ayrilib, ingliz tili kurslariga qatnash uchun vaqt topolmaydi. Yana bir ajoyib inson, benazir qon tomir jarrohi rahmatli Rustam Ahmedov, yillar davomida o‘tkazgan muvaffaqiyatli tajribalari natijalarini ilmiy ish sifatida tayyorlab, bu sun'iy to‘siqlardan o‘tish uchun yana ikki yilini yo‘qotdi. Bu orada og‘ir xastalikdan vafot etdi. Mamlakatimiz esa bu sohadagi ilmiy yangiliklar, ilmiy tajribalar natijasidan bebahra qoldi. Balki bunday talablarni sohaga qarab ajratish maqsadga muvofiq ekanligini tan olish vaqti kelgandir?
Sog‘liqni saqlash tizimida sog‘liq sug‘urtasini joriy etish, sohaning rivojlanishiga, davlatning sohaga sarf - harajatini keskin kamaytirishga sabab bo‘ladi. Eng asosiysi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilanadi. Shukrki bu sohada ilk qadamlar tashlana boshlandi.
Bu ko‘tarilgan masalalar o‘z yechimini topar yoki topmas, takliflar o‘rganib chiqilar yoki chiqilmas, ammo, dunyoda ro‘y berayotgan hodisalar, yangidan yangi tahdidlar zamonida millatni birlashtirib, uni yashatadigan kuchli bir mafkura, yangi bir tamoyil bo‘lmas ekan uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega davlat tahlika ostida qoladi.
Adolat davlatning tamalidir!
Milliy istiqlol g‘oyasi o‘tgan 25 yil davomida o‘z ishini nihoyatda yuksak darajada amalga oshirdi. Ammo, zamonning o‘zi oldimizga yangi tahlikalar, yangi shartlar, yangi chaqiriqlarni, yangi shartlarni qo‘ymoqdaki, bugun yangi bir g‘oyaga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Fikrimcha, bu g‘oya yuqorida keltirilgan islohotlarni o‘z ichiga olgan ADOLATLI JAMIYaT - KUChLI DAVLAT g‘oyasi bo‘lishi kerak. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ham o‘z chiqishlarida adolatning naqadar muhimligi haqida ko‘p to‘xtalmoqdalar. Zotan istalgan davlatning tamali adolat ekanligini, bunday tamalga ega bo‘lmagan davlatlar tezda parchalanib, tanazzulga yuz tutganligi tarixdan ma'lum. Iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar aynan adolat tamoyiliga qurilmas ekan davlat kuchli bo‘la olmaydi. Adolat tamoyili faqatgina iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy sohalarda emas, har bir xonadonda, jamiyatimiz a'zolari orasidagi o‘zaro ijtimoiy munosabatlarda, oilada, har bir vatandoshimiz turmush tarzida aks etishiga erishsakgina dunyoda benazir kuchga ega davlat qurdik deya olamiz. Bu albatta juda katta sifatli ma'naviy targ‘ibotni taqozo etadi.
Ammo, buni amalga oshirishga kirishishning o‘ziyoq millat sifatida yangi bir iqtidorga erishayotganimizni ko‘rsatadi. Chunki faqatgina millatini Ona, davlatini Ota o‘rnida bilish orqaligina dunyoda ro‘y berayotgan va berishi kutilayotgan bo‘xronlardan davlatimiz va qadriyatlariga sodiq millatimizni qutqarib qolishimiz, tinchlikni va to‘qlikni, sokin va tahlikasiz hayot tarzini, rivojlangan va himoyalangan iqtisodni, erkin kelajak kafolatini bolalarimizga ta'minlay olamiz. Buning uchun kuchli g‘oya kerak: ADOLATLI JAMIYaT - KUChLI DAVLAT g‘oyasi. Zero, millatimizning azaldan jismi - odamiylik, ruhi - adolat bo‘lgan.
P.S. Biz yuksak ma'naviyatli xalqligimiz haqida ko‘p iddaolimiz. Ammo, achchiq bo‘lsada bir haqiqatni aytib o‘tishni, qilinishi kerak bo‘lgan kichik bir "islohot"ga ham to‘xtalishga ehtiyoj topdim. Yuksak texnologiyalar asrida biz avvalo qishloqlarimizda hojatxona va yuvinish madaniyatini o‘zgartirishimiz kerak. Yoqimsiz hidli, qish kunlari istalgan odamni shamollatib qo‘yadigan yer hojatxonalaridan voz kechish vaqti kelmadimikin?! Istalgan injyenering kompaniyasi 2X3 shakldagi unitazli, yuvinish uchun dushga, suv isitish va tepasida bir tonnalik suv bochkasiga ega, zamonaviy kimyoviy qorishmalardan tayyorlangan yengil, issiq hamda sovuqqa chidamli qattiq alyumin profillardan ishlangan konstruksiyalar loyihasini ishlab chiqishi mumkin. Soha mutaxassislari bilan gaplashganimizda, bunday mobil konstruksiyani taxminan urtacha uch million yetti yuz ming so‘mga yaratish mumkinligini hisoblab chiqqandik. Bu loyihani seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, aholi sotib olishiga imkon yaratilsa, yomon hidda o‘tirishdan qishloqdagi vatandoshimizni xalos etsak, shoyad axlatning hididan qayt qilish refleksimiz yana ishga tushib ketsa...
Said-Abdulaziz Yusupov
Mavzuga oid

14:10 / 14.05.2025
O‘zbekiston va Eron 1 mlrd dollarlik loyiha portfeli va savdo kelishuvlarini shakllantirdi

22:24 / 12.05.2025
O‘zbekistonliklar eng ko‘p Green Card yutganlar orasida 1-o‘rinni egalladi

17:57 / 29.04.2025
Uch mamlakatning ahilligi timsoli - “Do‘stlik” stelasidan reportaj

21:05 / 27.03.2025