12:38 / 01.05.2017
10590

Qirg‘izistonda kuchli yer ko‘chkisidan so‘ng tibbiy yordam so‘rab 60 kishi murojaat qildi

Foto: Kloop.kg

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi Ayuu qishlog‘ida yuz bergan kuchli ko‘chkidan so‘ng tibbiy yordam so‘rab taxminan 60 kishi murojaat qildi. Bu haqda respublika sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda. 29 aprel kuni yuz bergan ko‘chki dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 24 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, fojia joyida mobil klinika o‘z ishini olib bormoqda. “Ayuu qishlog‘ida yigirma kishidan iborat to‘rtta shifokorlar brigadasi ishlamoqda, ular orasida nevropatolog, travmatolog, jarroh, pediatr, terapevt va akusher-ginekolog, shuningdek ruhshunoslarning ikkita brigadasi bor", - deyiladi xabarda.

Yuz bergan favqulodda hodisadan so‘ng O‘zgan tumani kasalxonasiga qishloqda yashovchi 10 nafar inson olib ketilgan. “Yuqumli kasalliklar oldini olish maqsadida, epidemiologlar brigadasi tomonidan uyma-uy yurilib, aholi o‘rtasida ichak infeksiyalari va virusli infeksiya paydo bo‘lsa, shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat etish bo‘yicha tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda”, - deya ta'kidlanadi hujjatdi.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, ayni damda fojia joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda, ularda Qirg‘iziston FVV, IIV, Fuqarolik mudofaasi komissiyasidan jami 400 xodim, shuningdek Quruqlikdagi qo‘shinlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ishtirok etmoqda. Ayni damga qadar ular uch nafar inson jasadini topishgan.

Eslatib o‘tamiz, kuchli ko‘chki 29 aprel kuni ertalab yuz berdi. Tosh, loy va muzdan iborat million kub metrlik ko‘chki qishloqdagi oltita bir qavatli uyni bosib qolgan. FVV ma'lumotiga ko‘ra, o‘sha paytda ularda 24 kishi, jumladan 14 yoshgacha bo‘lgan to‘qqiz nafar bola bo‘lgan, ularning bari halok bo‘lgan, deb hisoblanmoqda. Yangi favqulodda hodisa yuz berishi xavfi tufayli qishloqdan 85 kishi evakuatsiya qilindi.

Qirg‘izistonda yer ko‘chkisi oqibatida odamlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan 30 aprel motam kuni deb e'lon qilindi

Mavzuga oid
Top