19:21 / 05.05.2017
29001

Ichki ishlar organlari qanday holatda fuqarolar transportidan majburiy tartibda foydalanishi mumkin?

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 apreldagi 235-son Qarori bilan Ichki ishlar organlari tomonidan tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanganlik natijasida qilingan xarajatlar yoki yetkazilgan zarar, shuningdek transport vositasining egasiga yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbek militsiyasi ehtiyoj bo‘lganda fuqarolar mashinalaridan foydalanishlari mumkin

Norma.uz’ning yozishicha, «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari quyidagi hollarda tashkilotlar yoki fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkin: 

•  tabiiy ofat yoki favqulodda holat yuz bergan joyga borishda;

•  shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiy muassasalarga olib borishda;

•  jinoyat sodir etgan shaxslarni ta'qib qilish va ichki ishlar organlariga olib kelishda;

•  hodisa joyiga yoki ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibini jangovar trevoga bo‘yicha to‘plash joyiga borishda.

Nizomda belgilanishicha, quyidagi transport vositalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:

•  chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga tegishli bo‘lgan transport vositalari;

•  xalqaro tashkilotlarga tegishli bo‘lgan transport vositalari;

•  maxsus mo‘ljallangan va sirena o‘rnatilgan transport vositalari, shuningdek Hukumat rahbarlarini olib yuruvchi, tibbiy tez yordam, yong‘in o‘chirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalari.

Ichki ishlar organi xodimi transport vositasidan foydalanganda, uning egasiga transport vositasidan foydalanganlik faktini tasdiqlovchi va xodimni identifikatsiyalovchi hujjat berilishi shart. Identifikatsiyalovchi hujjat namunasi va uning berish tartibi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

Transport vositasidan foydalangan ichki ishlar organi xodimi holat bo‘yicha barcha tasdiqlovchi hujjatlar (huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa vakolatli davlat tashkilotlarining ma'lumotnomalari) ilova qilingan bildirgi bilan o‘z rahbariga axborot beradi.

Xarajatlar va zararni qoplash masalasini o‘rganish bo‘yicha ichki ishlar organlarida doimiy komissiyalar tuziladi.

Xarajatlar va zararni qoplash uchun transport vositasining egasi (uning vakili) ichki ishlar organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

•  xarajatlar va zararni qoplash to‘g‘risidagi ariza;

•  pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi (jismoniy shaxslar uchun);

•  transport vositasining texnik pasporti nusxasi;

•  ichki ishlar organi xodimi transport vositasidan foydalanganligi faktini tasdiqlovchi va uni identifikatsiyalovchi hujjat;

•  vakil sifatida murojaat qilish huquqini tasdiqlovchi hujjat va shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi (transport vositasi egasining vakili murojaat qilgan taqdirda).

Ichki ishlar organi rahbari hujjatlarni 3 kun ichida komissiyaga taqdim etadi.

Hujjatlar 15 kun ichida, qo‘shimcha hujjatlar yoki tekshiruv talab etilganda esa 1 oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Murojaat ko‘rib chiqilgandan so‘ng uning muallifiga 3 kun ichida natijalar haqida yozma ma'lumot beriladi.

Komissiyaning xarajatlar va zararni qoplash to‘g‘risidagi qaroriga asosan quyidagilar ichki ishlar organi tomonidan qoplanadi:

•  butunlay yaroqsiz holga kelgan va tiklash imkoni bo‘lmagan taqdirda transport vositasining ichki ishlar organi foydalanishidan oldingi bozor qiymati;

•  transport vositasidan foydalanganlik natijasida me'yor bo‘yicha sarf qilingan yoqilg‘ining haqiqiy xarajat qiymati;

•  ichki ishlar organi transport vositasidan foydalanganidan keyin qilingan xarajatlar yoki yetkazilgan zarar.

Xarajatlar va zarar miqdori ichki ishlar organi tomonidan baholash tashkilotini jalb qilgan holda aniqlanadi.

Transport vositasi egasi (uning vakili) bilan kelishilgan holda mulkiy zarar naqd shaklda yoki pul o‘tkazish, teng qiymatdagi transport vositasini berish yo‘li bilan uni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarni inobatga olgan holda natura tarzida qoplanishi mumkin.

Xarajatlar va zararni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng ichki ishlar organi 10 kun ichida ularni qoplab berishi lozim.

O‘rnatilishicha, ichki ishlar organlari tomonidan tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda xodimning noqonuniy xatti-harakatlari tufayli foydalanganlik natijasida qilingan xarajatlar yoki yetkazilgan zarar aybdor shaxsdan undirib olinadi.

Hujjat davlat tilida qabul qilingan va 2017 yil 1 mayda kuchga kirdi.

Top