Jamiyat | 13:36 / 09.05.2017
17564
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tanishlarini katta pulga chuv tushirib ketgan ayol qo‘lga olindi

Foto: Smolcity.ru

Laylo Temirova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) boshqa ayollarga o‘xshab halol mehnat qilishga bo‘yni yor bermadi. U bir emas bir necha marta sudlangan bo‘lishiga qaramay, xulosa chiqarmadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Jazo muddatini o‘tab chiqqan L.Temirova oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2015 yilning iyun va avgust oyida fuqaro Nigora Rahimjanovaning mulkini o‘zlashtirish maqsadida uning ishonchiga kiradi. Ayolga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni taklif qilib, poytaxtimizdagi “Chilonzor buyum bozori”da bir necha bor uchrashishadi va o‘zlaricha “ish” rejalar tuzishadi. Makkorlikning hadisini olgan Laylo bu safar ham odatdagidek ish tutadi. U N.Rahimjanovaning 9 mln. 774 ming so‘mlik tilla taqinchoqlarini sotib berishni va'da qiladi. Ishonchga kirish maqsadida makkora N.Rahimjanovaga bo‘nak puli sifatida 750 ming so‘m pul beradi. Ko‘p miqdordagi tilla taqinchoqlarni qo‘lga kiritgan L.Temirova ularni sotib, pulini o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi va shu bilan Nigoraga qorasini ham ko‘rsatmaydi.

Laylo o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2016 yil yanvar oyining o‘rtalarida poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi, tanishi Rahima Sultonovaning uyiga keladi. Unga ham birgalikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga va'da berib, undan pul berib turishni so‘raydi. “Garovga tilla buyumlar qoldiraman, xotirjam bo‘ling, agar pulingizni qaytara olmasam, shular sizga bo‘ladi”, deb uni aldaydi. Jabrlanuvchiga berayotgan 3 dona uzuk, aslida tilla emasdi. Xullas, navbatdagi “o‘lja”ning 9 mln. 197 ming so‘m pulini qo‘lga kiritib, ularni ham ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi. Oradan bir necha oylar o‘tsa-da, L.Temirova olgan pullarini qaytarib berishni xayoliga ham keltirmasdi.

Sabr kosasi to‘lgan jabrlanuvchilarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilishdan o‘zga choralari qolmadi.

Sud Laylo Temirovaga nisbatan yana bir bor hukm o‘qidi. Endi bu ayol umrining bir necha yilini panjara ortida o‘tkazishga majbur. 

Mavzuga oid