19:24 / 20.05.2017
30356

Jizzaxda sud ijrochisi pichoqlandi

Illyustrativ foto

Sud ijrochilarining Sh.Rashidov tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 23.01.2017 yilgi sud buyrug‘iga ko‘ra qarzdor Fozilov Asilbek Sherqulovichdan undiruvchi Yusupova Nafosat Isomovna foydasiga ikki nafar farzandlarining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish haqidagi ijro hujjati bo‘yicha aliment qarzdorligini undirish maqsadida 2017 yil 12 may kuni qarzdor yashash manzili Jizzax tuman Qulama QFY, N.Zuxurov ko‘chasi 3-uyga Sh.Rashidov tuman bo‘limi sud ijrochisi Ubaydullayev Ikrom undiruvchi Yusupova Nafosat bilan birga borgan. 

Qarzdor yashash manzilidan 1 dona “LG” rusumli televizor xatlab olib chiqilgan, shundan so‘ng undiruvchi sud ijrochisiga qarzdorning Qulama QFY hududida chorva mollari borligini, undiruvni chorva mollarga qaratishni so‘rab murojaat qilgan. Sud ijrochisi I.Ubaydullayev qarzdorni dala hovlisini ko‘zdan kechirayotganida qarzdor qarshilik ko‘rsatib, dastlab sud ijrochisi tanasiga ikki marotaba, so‘ngra undiruvchi N.Yunusova tanasiga 5-6 marotaba pichoq bilan og‘ir tan jaroxati yetkazgan. Qarzdor voqea joyidan qochib yashiringan. Sud ijrochisi va undiruvchi shifoxonaga zudlik bilan olib kelingan.

Jizzax tuman IIB xodimlari tomonidan qarzdor Fozilov Asil ushlangan va Jizzax tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasining 3-qismi hamda 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z farzandidan mehrini qizg‘anib, moddiy tomondan ta'minlashdan bosh tortib, o‘z otalik burchini bajarmagani yetmagandek Fozilov Asilbek Sherqulovich qotillik jinoyatiga qo‘l urdi. Endi u mazkur qilmishlari uchun umrining ko‘p qismini panjara ortida o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.

Sud departamentining Jizzax viloyat
hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i
O.Hamraqulov

Mavzuga oid
Top