Jamiyat | 19:20 / 26.05.2017
18728
10 daqiqa o‘qiladi

Namanganda suv muammosi: hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar o‘z munosabatini bildirdi

Kun.uz tahririyati Namanganga qilgan ijodiy tashrifi davomida viloyat aholisini o‘ylantirib kelayotgan masalalar bilan qiziqdi. Ana shunday dolzarb muammolardan biri bu – toza ichimlik suvi masalasi edi. Bu borada ijodiy jamoaning ilk manzili Namangan shahri “Go‘zal” massivi Mehnatobod mahallasi Bahoriston ko‘chasi bo‘ldi. Bu yerda yashovchi aholi vakillari bir necha yildan beri toza ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalib kelayotganini xabar qilishgandi. Fuqarolardan biri aholi nomidan 4-5 marta mutasaddi rahbarlarga murojaat qilsa ham, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabuliga ikki marotaba kirib ham ushbu muammoga yechim topa olmagan. 

Vaziyatni yanada oydinlashtirish uchun Bahoriston ko‘chasi aholisi bilan suhbatlashildi. Suv bilan bog‘liq muammo juda ham dolzarb ekanligi oydinlashdi. Mana shu masalaga doir “6 yil suvsiz. Namanganda asrga xos bo‘lmagan manzaralar” sarlavhali maqola sayt orqali e'lon qilindi.

Ikkinchi manzil esa, viloyatning To‘raqo‘rg‘on tumani, “Baxt” mahallasi bo‘ldi. Gap shundaki, bu yerda istiqomat qilib kelayotgan aholi 20 yildan ziyod vaqt mobaynida toza ichimlik suvi ichmaydi. Bu yerda yashovchi aholi mahalla orqali o‘tgan ariqda keladigan suvni iste'mol qiladi. Ammo ana shu suv ham bir haftada yoki o‘n kunda bir-ikki marta beriladi. Ushbu muammoga bag‘ishlangan “Hayrat va holat: Odamlar qachongacha ariqdan suv ichadi?” sarlavhali maqolasi o‘quvchilar e'tiboriga havola etilgan edi

Bundan tashqari, viloyatning To‘raqo‘rg‘on tumani, Shahand qishlog‘idan va Pop tumani, To‘da qishlog‘idan toza ichimlik suvi muammosiga bag‘ishlangan murojaatlar tahririyat pochtasiga kelib tushgan.

Biz viloyatdagi toza ichimlik suvi muammosi yuzasidan viloyat hokimligi va mutasaddi tashkilotlarga yuzlandik. Ular yuqoridagi holatlar va viloyatdagi toza ichimlik suvi bilan bog‘liq rejalar haqida ma'lumot taqdim etishdi.

“Viloyatda iste'molchilarga ichimlik suvini yetkazib berish uchun umumiy uzunligi 4884,7 km tarmoqlar hamda 493 ta suv olish hamda 39 ta suv uzatish inshootlaridan foydalaniladi. Yoki tuman markazlarida yashovchi aholi kichik quvvatli suv inshootlari orqali ta'minlansa, qishloq joylaridagi iste'molchilar esa hududlardagi alohida tik quduqlar orqali ta'minlanadi. 

Viloyat aholisi, ayniqsa, Namangan shahrini ichimlik suvi bilan ta'minlashda qator murakkab bosqichlar amalga oshiriladi. Birgina, misol. Viloyat markazining o‘ziga xos relef sharoitiga ko‘ra, ichimlik suvi “Jiydakapa” hamda “Qizil rovot” suv olish inshootlari orqali “Kurashxona”, “Paxtaliko‘l”, “Oromgoh”, “Mingchinor”, “Mustaqillik”, “G‘irvonsoy”, “Ququmboy”, “Nurobod”, “Rovuston”, “To‘quvchi” kabi suv uzatish inshootlari tarmoqlari orqali ko‘tarib, keyin iste'molchilarga yetkazib beriladi. 

2015-2016 yillarda Namangan shahar va  barcha tumanlarda Investitsiya dasturiga asosan umumiy qiymati 32,7 milliard so‘mga teng bo‘lgan 2 ta yangi suv tarqatish inshooti qurilib, 2 tasi rekonstruksiya qilindi, 140,7 kilometr suv quvurlari qurilishi natijasida 419 ming aholining ichimlik suv ta'minoti yaxshilandi. Joriy yilda esa aholini ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha 2017 yil dasturiga asosan yangi tarmoq va inshootlar qurish xamda rekonstruksiya qilish ishlariga 27.8 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

- Ushbu qarorga asosan 2017-2021 yillarda “Namangan shahrining ichimlik va oqava suv tizimlarini rekonstruksiya qilish loyihasi"ga jami 160 mln., Yevropa tiklanish va taraqqiyot Bankining 140 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘larini jalb etish rejalashtirilgan, - deydi viloyat “Suvoqava” davlat unitar korxonasi direktori Muxamadayubxo‘ja Apaqov. - Agar amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Namangan shahrini ichimlik suvi bilan ta'minlovchi 3 ta suv olish va 10 suv uzatish inshootlari to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi. 37 km uzunlikda “Uchqo‘rg‘on-Namangan” magistral tarmog‘ining 2-navbati quriladi. 65,2 km magistral va ko‘cha tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, Namangan shahar oqava suvlarni tozalash inshootini  rekonstruksiya qilish hisobiga quvvati, 90 ming m3/sutkadan 150 ming m3/sutkaga yetkaziladi. Bundan tashqari, 19 km. uzunlikda Janubiy kollektor hamda 5 km. uzunlikda “Uychi-Namangan” kollektorining qurilishi yakunlanmay qolgan qismini qurish ishlari bajariladi.

Shu o‘rinda “Rovot” suv olish inshooti va “Rovot-To‘raqo‘rg‘on” magistral tarmog‘ida 2017-2018 yillarda amalga oshiriladigan yirik loyihaga to‘xtalsak. Loyihaga ko‘ra 1 va 2-bosqichda 24 km. magistral tarmoqni almashtirish, shuningdek, “Rovot” suv olish inshootini to‘liq qayta rekonstruksiya qilish ishlari olib boriladi. Umumiy qiymati qariyib 27 milliard so‘mdan iborat mazkur loyiha doirasida 10,2 km uzunlikda zahira elektr tarmog‘i tortiladi, 17 ta tik quduq rekonstruksiya qilinadi va zamonaviy nasos bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, 3 ta nimstaniya o‘rnatiladi. Loyiha amalga oshirilishi hisobiga 156,5 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta'minlanadi. Bir kishining kunlik iste'moli 50 litrdan 110-150 litrga yetadi.

Shuningdek, viloyatda qator xalqaro moliya institutlari ishtirokida ham istiqbolli dasturlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qiymati 49,6 mln. AQSh dollar bo‘lgan “Zarkent, Xodikent, Iskovot, Buloqboshi, Bo‘ston, Yoshlik qishloqlari ichimlik suv ta'minotini yaxshilash” loyihasiga 2017-2020 yillarda Arab Koordinatsiya Guruhining OPeK Rivojlantirish Fondining imtiyozli kreditlarini jalb etish belgilangan. Yoki loyiha qiymati 80 mln. AQSh dollarni tashkil etuvchi “Chust, Pop, Chortoq, Namangan va Uchqo‘rg‘on tumanlari ichimlik suv ta'minotini yaxshilash” loyihasiga 2017-2020 yillarda Xalqaro Moliya Institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb etish ko‘zda tutilgan va Abu-Dabi Rivojlantirish Fondi ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar tarkibiga kiritildi.

Yana bir muhim omil. Korxonada fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashga ham alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Buning uchun korxona va uning bo‘limlari alohida fuqarolarni qabul qilish xonalari tashkil etilgan. Har bir murojaatni o‘z o‘rnida va sifatli qilib o‘rganish, aniqlangan holatlarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, joriy yilning 15 may kun “KUN.UZ” sayti tahririyati ijodiy xodimlari tomonidan Namangan shahrining Mehnatobod mahalla fuqarolar yig‘ini  Bahoriston ko‘chasida yashovchi aholi vakillari bir necha yildan beri toza ichimlik suvi yo‘qligidan qiynalib kelayotgani haqida murojaatlari asosida tayyorlangan “6 yil suvsiz. Namanganda asrga xos bo‘lmagan manzaralar” nomli maqolada bildirib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishchi guruh tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Jumladan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida  diametri D-76 mm bo‘lgan uzunligi 200 metrli polietilen suv quvuri tortib berildi. 18 may kuni sayt orqali e'lon qilingan “Hayrat va holat: Odamlar qachongacha ariqdan suv ichadi” nomli maqola hamda videolavhada bildirib o‘tilgan fikr-mulohazalar shu kuni Ishchi guruh tomonidan o‘rganildi. “Baxt” mahallasida yashovchi aholini ichimlik suv ta'minotini yaxshilash maqsadida 2007 yilda qo‘shimcha ajratilgan 6 mln. so‘m byudjyet mablag‘lari hisobidan 930 metr ichimlik suv tarmog‘i tortilgan. 2014 yilda esa Investitsiya dasturiga asosan 455,3 mln.so‘m mablag‘ evaziga To‘raqo‘rg‘on-Kosonsoy va Namangan-Chust avtomobil yo‘li kesishmasi yonida yangi “Chustko‘prik” suv uzatish inshooti qurilgan. 2016 yilda “Mahalla” hayriya jamoat fondi hamda viloyat “Suvoqava” DUKning  43,1 mln.so‘m mablag‘lari hisobidan “Baxt” suv tarqatish inshootidan “Baxt” mahallasigacha tortilgan 800 metr uzunlikdagi yaroqsiz holga kelgan D-100 mm ichimlik suv tarmog‘i yangisiga almashtirilgan. 

Bugungi kunda mahalladagi jami 7 ta ko‘chaning 3 tasida yashovchi aholiga ichimlik suvi belgilangan jadval asosida yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari esa  “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKga ajratilgan maxsus suv tashuvchi avtotransport yordamida aholi tasdiqlangan jadval asosida ichimlik suvi bilan ta'minlanmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid