19:25 / 31.05.2017
149704

Usmonov sudda yutib chiqdi

31 may kuni Moskvaning Lyublino tumani sudi sudyasi «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi» rahbari Aleksey Navalniyga milliarder Alisher Usmonov Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevga pora bergani haqidagi rolikni o‘chirish majburiyatini yukladi, muxolifatchi esa bunday qilmasligini bildirdi.

«Tarqatilgan ma'lumotlar Usmonovning or-nomus, qadr-qimmati va obro‘sini tahqirlaydi deb topilsin. Da'vogarning da'vosi qanoatlantirilsin», — degan sudya Marina Vasina. Sud Navalniy 10 kun ichida Alisher Usmonovga qarshi qaratilgan barcha videoroliklarni o‘chirishga hukm chiqargan.

Ayblov
Alisher Usmonovning sudga murojaat qilishiga «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi» tomonidan tayyorlangan, Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning «maxfiy imperiya»si haqidagi «On vam ne Dimon» ( «U sizga Dimon emas») filmi sabab bo‘ldi. Bu filmda Medvedev mamlakat ichkarisida va tashqarisida qator qimmatbaho mulklarga egaligi iddao etilgan. Shunday mulklardan biri, Rublyovka turar joy maskanida joylashgan hashamatli turar-joy Usmonov tomonidan Dmitriy Medvedevning kursdoshi Ilya Yeliseyev rahbarligidagi «Sotsgosproyekt» fondiga berilgani aytilgan. Navalniy buni pora deb atagan.

Usmonovning noroziligiga Navalniyning bosh vazir o‘rinbosari Igor Shuvalovga pora berilgani to‘g‘risidagi ayblovi ham sabab bo‘ldi. 2012 yilda «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi» surishtiruvida 2004 yili amaldorning rafiqasi Roman Abramovich va Yevgeniy Shvidlerning kompaniyasi bo‘lmish «Yunikast Teknolodji»dan 50 million dollar olgani, keyin bu pullar Usmonov biznesiga yo‘naltirilgani, Usmonov esa bu pullarni 118 million dollar qilib qaytargani aytilgandi. Navalniy buni pora deb atagan, USM Holding rahbari esa buni qat'iy inkor etgan.

Milliarder shuningdek, siyosatchining Usmonov Rossiyada soliq to‘lamasdan faoliyat yuritgani haqidagi ayblovlarini qaytarib olishini talab etgan.

Munozaralar
Mart oyida e'lon qilingan videodan keyin may oyiga kelib Usmonov va Navalniy o‘rtasida munozara boshlandi. Milliarder «Vedomosti» nashriga intervyu berib, bosh vazirga pora bergani haqidagi so‘zlarni inkor etdi, Navalniy esa yana rolik chiqarib, o‘z talqinini bayon qildi.

Shundan so‘ng milliarder «VKontakte»da Navalniyga ikki videomurojaat yo‘lladi. Birinchi safar u o‘zi vijdonli odam ekaniga ishontirishga harakat qildi va Navalniyga uzr so‘rashni taklif etdi. Keyingi murojaatida u Navalniyni «It yuragi» qissasi (Mixail Bulgakov) qahramoni Poligraf Sharikovga qiyosladi. U ikki murojaatini ham «Tfu senga Navalniy» deya yakunladi.

Siyosatchi ham milliarderga qarshi videolar chiqarishda davom etdi.

Alisher Usmonov videomurojaati: qamalganlik sabablari, tadbirkorlik va insoniylik haqida

Navalniy Alisher Usmonovga javob qaytardi 

Alisher Usmonovdan yangi videomurojaat: “Tuf senga yana bir marta” 

Navalniy Usmonovga: “O‘zingizga ortiqcha baho bermang, siz eng muhim shaxs emassiz” 

Forbes Rossiyadagi KROS agentligi (Jamoatchilik bilan aloqalarni rivojlantirish agentligi) vitse-prezidenti Dmitriy Kantordan bu vaziyat bo‘yicha fikr so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Usmonovning harakatlarini baholash oson emas.

«Bu piar emas. Piar hamisha muayyan maqsadni nazarda tutadi. Navalniyning maqsadi aniq, Usmonovning maqsadi esa tushunarsiz», — degan u.

«Navalniyni siyosatchi sifatida to‘g‘ri tushunish mumkin. Usmonov siyosatchi emas, tadbirkor. Tadbirkorning piari boshqacha bo‘lishi kerak.

Agar to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, Navalniy o‘z maqsadiga erishdi. Ko‘p ehtimol bilan u o‘zini kishilar ko‘z o‘ngida yaxshi gavdalantirdi», — deya yakunlagan Kantor.

Navalniy: 
2 martda Aleksey Navalniyning «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi» Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev notijorat tashkilotlari tarmog‘i orqali egalik qiladigan mol-mulk haqida surishtiruv e'lon qildi.

Navalniy aytadiki, Usmonov 2010 yilda Dmitriy Medvedevning kursdoshi rahbarlik qiluvchi «Sotsgosproyekt» jamg‘armasiga Rublyovkadagi 4 gektarlik maydonni berishi poradir. «Korrupsiyaga qarshi kurash fondi» (FBK) ma'lumotiga ko‘ra, mulkning qiymati 5 mlrd rublni tashkil etadi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, shu tariqa milliarder Dmitriy Medvedevga o‘zining tadbirkorlik faoliyati davlat shartnomalari, shuningdek, Medvedev qabul qiladigan normativ hujjatlarga bog‘liq bo‘lgani tufayli minnatdorchilik bildirgan .

Navalnyy Medvedevni jiddiy aybladi. Ishda Alisher Usmonov ham bor

Usmonov:
Usmonov ta'kidlaydiki, Rublyovkadagi yerni u singlisi uchun sotib olgan. Ammo singlisi u yerda yashashni istamagan. Keyin Usmonov hovlini Ilya Yeliseyevning jamg‘armasiga tegishli boshqa yer maydoniga almashgan.

«Moskva daryosi qirg‘og‘ida joylashgan Rublyovkadagi 12 gektar maydon taxminan 50 million dollar turadi. Men uning o‘rniga bergan 4 gektar maydon 15–20 million dollar turadi. Uy esa 30 million. Demak 50ga 50», — degan u.

Alisher Usmonov Medvedev fondiga uy hadya qilganini izohladi

Navalniy esa buning inkori sifatida Rosreyestrdan ma'lumotlar keltirib o‘tgan. Ularga ko‘ra, jamg‘arma yuqoridagi bitimda ishtirok etmagan, Usmonov aytayotgan yer maydoni esa tijorat firmasidan oldi-sotdi shartnomasi bilan xarid qilingan. Bundan tashqari, Navalniy videoda Usmonovning qarorgohining drondan olingan tasvirini tomoshabinlarga namoyish qilgan. 

Navalniy, shuningdek, jamg‘armaga berilgan yer maydonida uy qurilishi bilan birga uning yonida kichkina pravoslav ibodatxonasi qurilayotgan bo‘lganiga e'tibor qaratgan. U bunday xulosaga quruvchilar tomonidan "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘ida chop etilgan suratlar asosida kelgan. Usmonov esa islom diniga e'tiqod qiladi. 

 

Top