Jamiyat | 21:51 / 12.06.2017
12064
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisining mingdan ziyod murojaati ijobiy hal etildi

5-10 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish hamda muvofiqlashtirish xizmati mas'ul xodimlari boshchiligidagi respublika ishchi guruhi a'zolari Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlari aholisi bilan ochiq muloqot tarzida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabullarda vazirliklar, shahar va tuman hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar, sud organlari rahbarlari hamda boshqa tegishli boshqarma hamda tashkilotlardan 180 dan ziyod mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbirlarda ta'kidlanganidek, bugungi kunga kelib Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi aholidan jami 53 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Xususan, Qoraqalpog‘istondan – 22 ming, Xorazm viloyatidan esa – 31 ming.

Murojaatlarning aksariyat qismi mazmuni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish, ish bilan bandlik, pensiya, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarning to‘lanishi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi ta'minotidagi uzilishlar, tibbiy xizmat, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, qurilish uchun yer ajratish, yo‘l hamda ko‘priklarni ta'mirlash borasidagi muammolardan iborat.

Mazkur xududlar hokimliklari va mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda fuqarolar hamda yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik va muallifga javob bermaslik natijasida bu sohada jiddiy kamchiliklar mavjud. 

Jumladan, hokimliklarda murojaatlar bilan ishlash tizimini to‘g‘ri tashkil etmaslik, murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilish ishlariga malakali kadrlarni jalb etmaslik hamda tahlil ishlarini yo‘lga qo‘yilmaslik oqibatida Qoraqalpog‘istonda murojaatlarning 27 foizga, Xorazm viloyatida esa 8 foizga yaqiniga kechiktirilgan holda javob berilgan.

Sayyor qabullar davomida Qoraqalpog‘iston hamda Xorazm viloyati aholisining 1000dan ziyod murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, 65 foizdan ziyodi ijobiy hal etildi, qolgan qismi esa asosli deb topilib, ijro uchun muddat belgilanib, nazoratga olindi. 

Misol tarzida sog‘liqni saqlash sohasida 115 ta murojaat ijobiy hal etilishini, jumladan, 21 ta nogironlik aravachasi berilishini, 43 ta davolanish uchun orderlar ajratilishini, 12 ta holatda nogironlik belgilanishini; 22 ta yer va kadastr hujjatlarining rasmiylashtirilishi bilan bog‘liq masalalar hal etilishini; kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan 31 ta, jumladan, 25 ta ichimlik suvi muammosi bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilinishini keltirishimiz mumkin. 

Jumladan, "O‘rta-qala” ovulida yashovchi fuqaro B.Anorova o‘g‘li J.Safarbayevning chap yonbosh suyagida o‘simta paydo bo‘lgani sababli ushbu o‘simtani xorijda jarrohlik yo‘li bilan oldirib tashlash uchun moddiy yordam so‘rab, virtual qabulxonaga murojaat qilgan edi. Sayyor qabul davomida Toshkent shahri onkologiya ilmiy tekshirish institutiga Rossiya federatsiyasidan malakali shifokorlar amaliy yordamga kelishi munosabati bilan J.Safarbayev bepul jarrohlik amaliyotidan o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Fuqaro B.Bozorbayevning qish mavsumida tabiiy gaz bosimi past bo‘lishi haqida, J.Xaytimbetovning A.Yassaviy ko‘chasida joylashgan xonadonlarni ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha yozgan murojaatlari, shuningdek, 1-guruh nogironi J.Sultonovning moddiy yordam so‘rab yozgan arizasi, kasb-hunar kollejini tamomlagan fuqaro N.Haytakovaning ishga joylashish to‘g‘risidagi, fuqarolar J.O‘razimbetov va R.Sariboyevlarning nogironlik aravachasi olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaatlari ijobiy yechimini topib, qanoatlantirildi. 

Uchrashuvlar yakunida ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha respublika, viloyat va tuman darajasidagi mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid