Sport | 22:58 / 15.06.2017
31697
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol muxlislari Abdulaziz Komilovga shikoyat qilishdi

Tashqi ishlar vazirining mamlakat fuqarolari bilan 2017 yil 5 iyul kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishi to‘g‘risida TIV internet-resurslarida 2017 yil 8 iyunda e'lon qilingan xabardan so‘ng, Vazirlikka Virtual qabulxona, muloqot@tiv.uz elektron manzili, TIVning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi, Telegram messenjeridagi kanali orqali xatlar kela boshladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, kelib tushgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning asosiy qismi quyidagi masalalarga tegishli:

- hujjatsiz va moliyaviy ta'minotsiz qolgan xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining vatanga qaytishlari;
- ota-onalari xorijda yashirinib yurgan bolalarni boqish uchun aliment undirish;
- O‘zbekiston hududidan chiqib ketgan ota-onalarni izlash;
- boshqa davlatlarda sudlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish;
- vatandan yiroqda vafot etgan fuqarolar jasadini qaytarish;
- xorijga chiqishda yordam berish;
- O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish;
- TIV tizimiga ishga joylashish.

Mamlakatning tashqi siyosiy faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ham anchagina murojaatlar kelib tushgan. O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatlari, jumladan, tashqi chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasining borishiga oid mavzular ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqda.

“Barcha murojaatlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, TIV rahbariga ma'lum qilinmoqda va uning shaxsiy nazoratiga olinmoqda. O‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilgach, fuqarolarga rasmiy javoblar va tegishli izohlar beriladi”, deyiladi vazirlik bergan axborotda.

Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi xalqaro o‘yinlari natijalaridan ranjigan futbol muxlislari nomidan tushgan murojaat haqida ham tashqi ishlar vaziri xabardor qilingan.

Mavzuga oid