Jahon | 19:50 / 04.07.2017
16552
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi «avtobus-portal» moliyaviy firibgarlik mahsuli bo‘lib chiqdi

Xitoy politsiyasi «kelajak transporti»ni yaratishga daxldor barchani firibgarlik ishi doirasida qidiruvga bergan. Investorlar o‘zlarining pullarini qaytarib ololadimi-yo‘qmi, bunisi hozircha noma'lum.

Ilgari bu avtobus loyihasi moliyaviy firibgarlikning bir qismi bo‘lishi mumkin ekanligi va uning yaratuvchilari yo‘qolib qolgani haqida xabar berilgan edi.

«Kelajak transporti» — yaratuvchilarning va'da qilishicha, tirbandliklar iskanjasida qolgan megapolislarda yo‘lovchilarning harakati muammoasini yechishga qaratilgan TEB-1 avtobus-portali loyihasi politsiya surishtiruvi bilan yakun topdi. Ayni paytda firibgarlik ishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda va uning doirasida 30 dan ziyod kishi, jumladan, avtobusni ishlab chiqish bilan shug‘ullangan TEB Tech kompaniyasining ijrochi direktori ham hibsga olingan.

O‘tgan yili xitoylik injyenerlarning bu ishlanmasi haqida ko‘p gapirilgan, yozda esa Pekinda o‘tgan ko‘rgazmada ushbu transport vositasining to‘laqonli konsepsiyasi namoyish etilgan edi. Hattoki yangi texnologiyaning namunasi tayyorlanib, barcha xohlovchilarga unda sayr qilish imkoniyati taqdim etilgandi.

Bir necha oy o‘tgach, TEB Tech u namoyish qilingan yo‘l bo‘lagida qoldirib ketilgani oydinlashgandi. O‘shanda mahalliy muxbirlardan biri qo‘riqchilardan avtobus taqdiri borasida qiziqib so‘raydi, qo‘riqchilar esa anchadan beri uni yaratganlar aloqaga chiqmayotganini aytishadi.

Ayni paytda ushbu firibgarlik ishi bo‘yicha politsiya surishtiruv ishlari olib borayotgani oydinlashdi. Politsiyadagilarning ma'lum qilishlaricha, TEB-1 ishlab chiquvchilari investorlardan umumiy hisobda 1,3 milliard dollar olishgan va evaziga hech qanday moliyaviy kafolat berishmagan. 72 investor allaqachon pullarini qaytarishni talab qilib, kompaniyani sudga bergan.

Ayni paytda «kelajak transporti» avtoturargohlardan biriga o‘tkazilgan va u shu yerda chirib yo‘qolsa kerak. Uning harakatini ta'minlagan relslar esa yo‘llardan olib tashlanmoqda.

Mavzuga oid