O‘zbekiston | 12:34 / 10.07.2017
27426
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent elektr tarmoqlaridagi avariyalarga nima sabab bo‘lmoqda?

So‘nggi kunlarda havo harorati 40, hatto 45 darajadan oshib ketayotgani (Farxod bozori yarmarkasidagi soyada turgan termometr ko‘rsatkichi 50dan oshganini e'tiborga olmayman, chunki Meteorologiya markazi termometrlari boshqacha o‘lchar) qishloqlardan ham ko‘ra, ko‘p qavatli uylar qurshovidagi yirik shaharlarda, ayniqsa, o‘z kuchini ko‘rsatmoqda.

Yozning chillasi boshlanishi bilan jazirama kunlar aksariyat shaharliklar uchun haqiqiy sabr-bardosh sinovi bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bu boradagi fikrlarni ko‘plab uchratish mumkin. Xususan, toshkentlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, shaharning turli tuman va mavzelaridan postlar qoldirib, hududida elektr ta'minotida uzilishlar bo‘layotganidan, tarmoqdagi kuchlanish keskin pasayib ketayotganidan, hatto elektr ta'minoti bir necha kunlab bo‘lmayotganidan nolib, fikrlar qoldirishmoqda.

Kun.uz tahririyati mazkur holatni izohlashni so‘rab “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJga murojaat qildi. Muxbir savoliga shahar elektr tarmog‘i energiya sotish boshqarmasi boshlig‘i Davrbek Imomov javob berdi.

Davrbek Imomov, shaharda o‘ta yuqori issiq harorat kuzatilayotgani va odatdagidan uzoqroq davom etayotganini bildirar ekan, elektr ta'minotidagi uzulishlarni quyidagicha izohladi:

“Toshkent shahrida avvallari, yoz mavsumida bir kecha kunduzda ko‘pi bilan 14.33 mln kVt*s elektr quvvatiga ehtiyoj bo‘lar edi (bir oyda 430 mln kVt*s). So‘nggi kunlardagi jazirama tufayli bu raqam 18-19 mln kVt*soatga chiqib ketmoqda. So‘nggi kunda bu raqam 20 mln kVt*soatga yetgan. Bu bir oyda 500-600 mln kVt*soat elektrenergiyasini anglatadi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “shaharliklarning oxirgi yillardagi turmush kechirish sharoiti avvalgi bir necha o‘n yilliklardagidan keskin farq qiladi. Tan olish kerak, muzlatgichlar, havo sovutgichlar, mikroto‘lqinli pechlar, televizorlar soni keskin oshgan. Ko‘plab xonadonlarda bu kabi texnikalar bir nechtani tashkil etadi”. “Shunga binoan, - deydi Imomov, - aholining elektrenergiyasiga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda. Shaharga o‘rnatilgan transformatorlar, podstansiyalarning bunga kuchi va texnik imkoniyati javob bermayapti. Ularning ko‘pi 1950 – 60 yillarida va undan keyingi vaqtlarda o‘rnatilgan”.

Yashnaobod tumanidagi transformator budkasi yonishi natijasida bir inson halok bo‘ldi

Uning ma'lum qilishicha, shaharda jami 5,5 ming transformator va 73ta yuqori kuchlanishli podstansiya bo‘lib, shu paytga qadar  bir yilda mablag‘ ajratilishiga mos ravishda 10 tadan 50 tagacha transformator almashtirilmoqda.

Muxbirning bu kamlik qilmaydimi, axir 5,5 ming transformatorning hammasini almashtirish uchun ko‘p muddat (yiliga yangisi qurilmasdan 55 tadan almashtirilsa, bir asr kerak bo‘ladi, ungacha almashtirilganlari eskirib bo‘ladi!) talab qilinadi va qachon bu jarayon yakunlanadi, degan mazmundagi savoliga mablag‘ ajratish ko‘paytirilayotgani, kelgusi 3 yillarda almashtirish jarayoni yakunlanishi haqida so‘z yuritdi.

Shu o‘rinda, bu muammoni hal etishning yo‘llaridan biri sifatida TEKT AJga taklif. Balki, elektr uzatish tarmoqlarini mijoz manziligacha to‘liq yangilashda xususiy tadbirkorlar va kompaniyalarni jalb etish ustida ishlash lozimdir. Buning uchun, “O‘zbekenergo” AJ bilan hamkorlikda qonunchilik tashabbusi bilan Hukumatga murojaat qilish kerakdir!?  

Muxbirning elektr uzatish tarmog‘ida kuchlanish pasayib ketayotgani sababli xonadon egalarida norozilik kelib chiqayotgani, ularning elektr uy jihozlari ishdan chiqsa, kimga murojaat qilishlari kerakligi, nima qilishlari lozimligiga ham Davrbek Imomov oydinlik kiritdi.

“Shunday holatda tuman elektr tarmog‘iga yozma murojaat qilinadi. Mutaxassislar, elektr tarmog‘idagi kuchlanish pasayishiga nima sabab bo‘lganini joyiga chiqib o‘rganishadi va xulosa berishadi. Agar, shartnomada ko‘zda tutilgan fors-major (ya'ni, elektr uzatish tarmog‘idagi nuqsonsiz, boshqa sabab bilan kuchlanish ko‘tarilib yoki tushib ketgan bo‘lsa) holati ro‘y bergani aniqlansa, ishdan chiqqan texnikalar uchun TEKT mas'uliyatni zimmasiga olmaydi.

Uning aniqlik kiritishicha, hozirgi jazirama kunlarda elektr energiyasiga talabning keskin oshishi tufayli kuchlanishning pasayishi yoki momaqaldiroq kabi holatlarda kuchlanishning ortib ketishi fors-major shartlariga kiradi.

Tolib Rahmatov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid