O‘zbekiston | 20:20 / 14.07.2017
32345
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Yuridik universitetga ukasi o‘rniga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan «ziyoli snayper» qo‘lga tushdi

Toshkent davlat yuridik universiteti qabul komissiyasiga ukasining o‘rniga hujjat topshirishga uringan shaxs o‘z maqsadiga erisha olmadi. Bu haqida «Kun.uz»ga TDYuU qabul komissiyasi vakillari ma'lumot berishdi.

2017 yil 9 iyul kuni soat 9-30 da TDYuU qabul komissiyasiga o‘zini 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro Jabborov Abbos (familiya o‘zgartirilgan) deb tanishtirgan fuqaro hujjatlarni taqdim etdi.

Mazkur shaxs bilan o‘tkazilgan dastlabki suhbat, uning pasporti va boshqa hujjatlaridagi shubhali holatlar, pasportdagi surat va hujjatni taqdim etgan shaxsning tashqi o‘xshashligidagi jiddiy tafovutlar qabul komissiyasi xodimlarida asosli shubha uyg‘otdi.

O‘tkazilgan suhbatdan keyin soxta abituriyent haqiqatda bu fuqarolik pasporti unga tegishli emasligini, boshqa shaxsni nomidan kelganligini tan oldi va o‘zi haqidagi haqiqiy ma'lumotlarni ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu shaxs 1991 yili Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan Jabborov Shaxboz bo‘lib, u 2015 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutining bakalavr bosqichini tamomlagan.

Mazkur holat bo‘yicha tegishli tartibda shaxslardan tushuntirish xatlari olindi, dalolatnoma tuzildi hamda barcha materiallar ichki ishlar organiga yuborildi. Hozirda surishtiruv ishlari ketmoqda.

Mavzuga oid