18:34 / 10.08.2017
45964

Ulug‘bek Inoyatov yangi o‘quv yilidagi muhim o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi

Foto: «O‘zbekiston 24»

O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov Uzbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida yangi o‘quv yili, fuqarolar talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, yangi o‘zgarishlar bilan boshlanayotgani haqida so‘zlab berdi.

«Fuqarolarimiz taklif va istaklarini e'tiborga olgan holda yangi o‘quv yilini yangi o‘zgarishlar bilan boshlayapmiz. Birinchi navbatda davlat ta'lim standartlari yangidan takomillashtirildi. Natijada yangi o‘quv yilidan boshlab matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlari yangi dasturlar va yangi metodlar asosida o‘qitiladi.

Albatta bunday metodda o‘qitish uchun birinchi navbatda o‘qituvchilarning o‘zi tayyor bo‘lishi kerak. Bu borada tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan kimyo, fizika, biologiya, matematika o‘qituvchilarini maxsus malaka oshirish kurslarida qayta tayyorlayapmiz», degan u.

Vazir shuningdek, O‘zbekistonda an'anaviy o‘qitib kelinayotgan mehnat ta'limi fani yangi o‘quv yilidan boshlab texnologiyalar deb nomlanib, takomillashtirilgan dasturlar asosida olib borilishi, bundan tashqari, yangi o‘quv yilida birinchi sinf o‘quvchilarini soni har bir sinfda 35 nafardan belgilangani haqida gapirgan. 

«Bu yil beshinchi sinfda chet tilini Yevropa ta'lim standartlari asosida A 2 darajasida o‘qitish boshlanadi. 

Yangi o‘quv yilidan boshlab, umumta'lim maktablarida o‘quvchilar 10 sinflarda o‘qishni davom ettirishadi. Bizdagi ma'lumotlarga qaraganda bu yil 350 mingdan ortiq o‘quvchilar 10 sinfda o‘qishni davom ettirishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan bugungi kunda nashriyot-matbaa uylari bilan birgalikda 10 sinfning 12 fani bo‘yicha tuzilgan yangi o‘quv reja va dasturlar asosida darsliklar tayyorlanmoqda. 

O‘quv rejalari va fan dasturlarini tuzayotganimizda jahon tajribasini o‘rganib chiqdik. Birinchi navbatda o‘zimizda amaldagi davlat ta'lim sifatlari, bundan avval o‘qitilgan 10-11 sinflar hamda hozirgi kunda o‘qitilayotgan litsey va kollejlardagi umumta'lim fanlarini dasturlari, 11 yillik ta'lim joriy etilgan davlatlar — Rossiya, Qozog‘iston hamda Buyuk Britaniyaning o‘quv rejalari, fan dasturlari tahlil qilinib, yangi dasturlar tayyorlandi. 

Bu yil 650 ming nafar o‘g‘il-qiz birinchi sinfda o‘qishni boshlaydi. Ularning har biriga 12 turdagi o‘quv qurollari va o‘quvchilik portfeli tayyorlab qo‘yilgan. Shuningdek, 1-sinfga kelayotgan o‘quvchilar har yili yangidan nashr etiladigan 12 nomdagi darsliklar bilan ham ta'minlanadi. Bugungi kunga kelib Xalq ta'limi vazirligi buyurtmasiga asosan 34 million nusxada darsliklar tayyorlanmoqda. 1-sinflar uchun 12 milliondan ortiq nusxadagi darsliklarni chop etib joylarga yetkazib berdik», degan vazir.

Top