O‘zbekiston | 15:15 / 18.08.2017
52807
2 daqiqa o‘qiladi

Inoyatov: So‘nggi 5-6 yil ichida maktablar paxta terimiga umuman jalb etilmagan

Foto: Kun.uz

Tahririyat O‘zbekiston Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Vazir Kun.uz jurnalisti bilan suhbatda xalq ta'limi tizimi xodimlarining mehnatga jalb etilishi masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“Har bir inson o‘zining uyini o‘zi tozalashi, obod qilishi kerak. Har bir maktabda ishlovchi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘zining maktabini obod qilishi kerak. U o‘zining maktabini, hududini, ko‘chasini tozalamasa, barcha yer chiqindi bo‘lib ketadi-ku. O‘zi o‘sha yerda yashab, o‘sha yerda nafas oladi-ku. Maktabni obod qilish juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Biz o‘quvchilarimizda mehnatga ko‘nikmani shakllantirishimiz kerak. Bu butun dunyoda qilinadigan ish. 

So‘nggi 5-6 yilning ichida maktablar paxta yig‘im-terimiga umuman jalb etilmagan. Xalqaro tashkilotlar bor, ular buning barchasini kuzatib turishadi. Jamoatchilik, ota-onalar bor. Ular farzandini o‘qish o‘rniga, paxta dalasiga chiqartirib qo‘ymaydi. Bu qat'iyan man etilgan. Endi ayrim o‘qituvchilarimizning darsdan keyin chiqib, o‘zi uchun mablag‘ ishlashi – marhamat. Uyi dalaning oldida bo‘lsa, buning yomon jihati yo‘q. O‘zbekistonning boyligi uchun chiqib, o‘zining yana pul ishlab olish imkoniyati bor. Lekin majburan hech kim bu ishga jalb etilmaydi”, - dedi vazir.

Ma'lumot uchun, Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov bilan ochiq muloqotning to‘liq shakli tez orada saytda taqdim etiladi. 

Mavzuga oid