21:24 / 25.08.2017
10970

6 oy ichida iste'molchilardan tabiiy gaz bo‘yicha eng ko‘p murojaat kelib tushgan

2017 yil 6 oy sarhisobiga ko‘ra, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish masalasida kelib tushgan murojaatlar soni 4018 tani tashkil etadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 24 avgust kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi. 

Murojaatlarning 60 foiziga yaqini kommunal sohalarga to‘g‘ri kelmoqda. Shundan:

70 foiz - tabiiy gaz, 
18,4 foiz - elektr energiya, 
4 foiz - issiqlik va issiq suv ta'minoti, 
1,8 foiz - shirkatlar faoliyati, 
2,7 foiz - ichimlik suvi, 
3 foiz - chiqindi tashish va boshqa masalalarga tegishli.

Mazkur murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasida iste'molchilar foydasiga 276 million so‘m mablag‘ qaytarib berilgan.

Reklama bozorini tartibga solish bo‘yicha qo‘mita 2017 yilning boshidan beri 280 ta o‘rganish va tahlillar o‘tkazgan, 179ga yaqin turli qonunbuzarlik aniqlangan, 11 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanilgan, 79 ta sub'yektga ko‘rsatmalar berilgan.

Iste'molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan esa olti oy ichida 970ta tahlil o‘tkazilgan, 269 ta holatda turli qonunbuzarliklar aniqlangan, 16 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanilgan. Hozirda 200 ga yaqin hujjat chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish va boshqa tegishli organlarga yuborilgan.

Ayni damda qo‘mita tomonidan dori-darmon vositalari narxi nazorat ostiga olingan. Shuningdek, maktab bozorlari ham monitoring qilinmoqda.

Top