21:02 / 28.08.2017
205995

Farg‘onalik yigitlar fojiasi: Aslida nima bo‘lgan edi?

KUN.UZ sayti orqali Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida gaz ta'minoti va uning ortidan kelib chiqqan mudhish voqealar tilga olingan turkum maqolalar e'lon qilingan edi. Bularga misol qilib, joriy yilning 22 mart kuni e'lon qilingan “Qo‘qonda tashkilotlar mas'uliyatsizligi oqibatida ikki navqiron yigit majruh bo‘lib qoldi”, 23 mart kuni e'lon qilingan “Qo‘qonda noxush hodisa. Ona va farzandlari halok bo‘ldi”, 25 mart kuni e'lon qilingan “Qo‘qon fojiasi: yana bir kishi hayotdan ko‘z yumdi”, 27 mart kuni e'lon qilingan “Qo‘qon nima qilsin – 22 yashar o‘g‘li loqaydlikning qurboni bo‘ldi”, 1 aprel kuni e'lon qilingan “Qo‘qonda uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hodisa haqida rasmiy axborot berildi” va 12 aprel kuni e'lon qilingan “Gaz ta'minotidagi xo‘jasizlik va boshboshdoqliklar: Nishonda yana Qo‘qon” maqolalarini keltirish mumkin.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan maqolalarda Qo‘qon shahridagi gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar va buning ortidan kelib chiqqan fojialar haqida so‘z yuritilgan. Shu bilan birga shaharga yondosh Dang‘ara tumanida ham ayanchli voqealar kuzatilgan. Tumanning gaz ta'minoti aynan Qo‘qon shahridan berilishi, berilganda ham bosimning o‘ynab turishi ana shunday halokatlarga sabab bo‘lgan. 

Tahririyat xodimlari Farg‘ona viloyatida ishchi safarda bo‘lar ekan, mazkur fojialardan birining qurboni, dang‘aralik marhum 20 yashar Abu Bakr Sheraliyev va uning akasi 22 yashar Bilol Sheraliyev xonadonida bo‘ldi. Marhum yigitlarning onasi Nargiza Sheraliyeva bo‘lib o‘tgan voqealarni asl holicha so‘zlab berdi.

“Bolalarim juda aqlli yigitlar edi. Ularning ortidan hech bir kishi – na o‘qituvchilari, na mahalla ahli va na qarindoshu yor-birodarlari shikoyat qilmagan edi. Juda halim, muloyim yigitlar edi... Ular rosa mehnatkash yigitlar bo‘lib, dadasi bilan birga ishlashar, hunarmandchilik sirlarini birma-bir egallashayotgan edi. Fojia yuz bergan kunda ular o‘zlarini emas, bir-birlarining salomatligi, ota-onalarining tashvishida bo‘lishdi.

Bolalarim shifoxonaga tushgach, ularning holidan xabar olgani shifoxonaga bordim. To‘ng‘ich o‘g‘limning palatasiga kirar ekanman, boshida uni tanimadim. Rosa qiynalganman, azob chekkanman...”.

Marhum yigitlarning otasi Ikrom Sheraliyev shunday hikoya qiladi:

“Voqea shunday sodir bo‘lgan edi. Gumburlagan ovozni eshitdim. Hovliga yugurib chiqqanimni bilaman, bir bolamning daraxt ostida yotganini ko‘rdim. U hali o‘ziga kelmagan edi. Yugurib uyga kirdim. Shunda ikkinchim yonayotganining guvohi bo‘lib, uni ko‘tarib hovliga olib chiqdim. Shundan so‘ng ko‘chaga chiqib, qo‘shnilarni chaqirdim. Ular yetib kelishdi. Birgalashib, bolalarimni mashinaga o‘tkazdik-da, shifoxonaga olib bordik. 

Oradan vaqt o‘tib, birining oldiga kirdim. “Yaxshimisan, o‘g‘lim”, desam “Ha, dada, yaxshiman”, dedi. Go‘yo hammasi risoladagidek edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan barchasi o‘zgara bordi. Kattasining oldiga kirsam-da, kichigining oldida bo‘lsam-da, ularning holati badtar yomonlashayotgan edi. Boshqa choram qolmadi – ularga kalimasini qaytarishni tayinladim. Ular o‘shanda aytishardi, “dada tahorat qilib olishim kerak”, deb. Ammo taqdiri azal ekan, olamdan o‘tishdi.

Mening bolalarim o‘sha yoshlarigacha, biror marta mening ko‘zimga tik qarashmagan, gap qaytarmagan yigitlar edi. Maqtanish emas, ammo shuni g‘urur bilan ayta olamanki, ular mendan ko‘ra ayalariga ko‘proq murojaat qilar edi. bu qo‘rqishdan emas, balki uyalganliklaridan, hayo qilganliklaridan edi”.

Nargiza Sheraliyeva shunday deydi: “Bizning xabarimiz yo‘q holatda prokuratura xodimlari kelib tekshirib, suratlarga olib ketishgan. Ochig‘ini aytganda, har kimga bu haqda so‘zlab berish biz uchun juda og‘ir. Hatto prokuratura xodimlari bilan suhbat jarayonida ham dori ichib, bo‘lgan voqealarni so‘zlab berganmiz”.

“Bir kuni shahar gaz ta'minoti idorasidan vakillar kelishibdi”, deb suhbatni davom ettirdi Ikrom Sheraliyev. – Bir sumkada pul ko‘tarib kelishgan. Menga bu pullaring kerak emas, dedim. Ular esa, bu pullarni olib, bizga tushuntirish xati yozib bering, deb talab qilishdi. Men shu pullarga zor odammidim? Men shu pullarga bolalarim xotirasini almashadigan kishimidim?..”.

Suhbat uzoq davom etdi. Marhum yigitlarning ota-onasi aytayotgan so‘zlar, dildagi gaplar kishini to‘lqinlantiradi, ko‘zlarda beixtiyor yosh gavdalanadi. Bo‘lgan voqea va unga hokimiyatining munosabati kishini taajjublantiradi. Mazkur intervyuning to‘liq hajmini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Top