14:33 / 29.08.2017
11492

O‘zbekistonning giyohvandlikka qarshi siyosati natijalari ma'lum qilindi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Bosh Assambleyaning 71-sessiyasi yakunlari bo‘yicha BMTning olti rasmiy tilida O‘zbekistonning giyohvandlikka qarshi siyosatining asosiy yo‘nalishlari va uning asosida 2016 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berildi. 

Hujjatga muvofiq, o‘tgan yili respublikada 2016-2020 yillarda giyohvand moddalarni suiste'mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan antinarkotik strategiyaga bo‘yicha giyohvand moddalarga talab va taklifni qisqartirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan. 

2016 yilda O‘zbekistonda giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash yo‘lida qabul qilingan tashkiliy-amaliy va tezkor-profilaktik choralar natijasida 6646 jinoiy holat aniqlangan. 3 tonna va 542,4 kilogramm giyohvand modda, shuningdek 19 277 ta psixotrop tabletka noqonuniy aylanishdan olingan. 

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasida mamlakat hududida narkotik moddalarni noqonuniy aylantirish bilan bog‘liq jinoyatlarni amalga oshirgan 110 nafar xorijiy davlat fuqarosi qo‘lga olindi. 

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan kirib keluvchi giyohvand moddalar kanallari va giyohvand o‘simliklarning noqonuniy yetishtirilishi holatlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadlarida huquq-tartibot organlari tomonidan keng ko‘lamli «Qora lolaqizg‘aldoq-2016» operatsiyasini o‘tkazildi. O‘tkazilgan operatsiyalar natijasida giyohvand moddalar olinuvchi o‘simliklarni yetishtirish bo‘yicha 1070 noqonuniy holat aniqlangan. 4900 kvadrat metrga ekilgan giyohvand o‘simliklar yo‘q qilindi. 

Mamlakat huquq-tartibot organlari ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekistonda yangi psixoaktiv moddalar (YaPM)ning noqonuniy aylanishiga doir 43 holat aniqlangan, 579,1 gramm turli YaPM va boshqa sintetik narkotiklar olib qo‘yilgan.

Hujjatda ta'kidlanishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligining narkologik xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 10 yilda mamlakatda narkologik holatning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha rivojlanishning ijobiy dinamikasi kuzatilmoqda. 

Top