Jahon | 17:15 / 26.09.2017
9640
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Iroq Kurdistoniga tahdid qildi

Foto: AP

Iroq Kurdistonidagi mustaqillik bo‘yicha referendumni qo‘llab-quvvatlagan Isroil qo‘shni davlatlar tomonidan blokada amalga oshiriladigan bo‘lsa, unga yordam bera olmaydi, deya ma'lum qildi Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an seshanba kuni.

Referendum dushanba kuni bo‘lib o‘tdi. 9 foiz byulletenlar hisob-kitobiga ko‘ra, 93 foiz ishtirokchilar mintaqaning mustaqilligi uchun ovoz berishgan. Rasmiy yakunlar payshanba kuni e'lon qilinadi.

"Referendumni kim qo‘llab-quvvatladi, kim natijalarni tan olmoqda? Birgina Isroil. Xo‘sh, nima qilibdi? Kosovoni o‘nlab davlatlar tan oldi, biroq u haligacha davlat bo‘la olgani yo‘q. Isroilning tan olishi nima beradi? Referendum o‘tkazish bilan ish hal bo‘ladi, deb o‘ylaysizlarmi? Biz sanksiyalarni joriy etishni boshlashimiz bilan, neft jo‘mragini burab qo‘yishimiz bilan – hammasi tugaydi. Barcha daromadlar to‘xtaydi. Shimoliy Iroqqa yuk mashinalari qatnashni bas qilsa, u yerda iste'mol qilish uchun yaroqli hech narsa qolmaydi. Isroil ularga nimanidir qanday yetkazib beradi? Marhamat, urinib ko‘rsin", - dedi Erdo‘g‘an Anqaradagi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari oldida chiqish qilib.

Avvalroq Erdo‘g‘an kurdlar mustaqilligiga neft bo‘yicha cheklovlar bilan javob qaytarmoqchi ekani xabar berilgandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid