Jamiyat | 10:29 / 14.10.2017
16478
3 daqiqa o‘qiladi

Qaynotasi va xotinini pichoqlagan shaxs 25 yilga qamaldi

Foto: KUN.UZ

Furqat Shomurodov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oila boshi sifatida hayotini farovonlashtirish, yuzaga kelgan muammolarni vazminlik bilan bartaraf qilish yo‘lidan bormay, jizzakilik, qiziqqonlik qilib, turmush o‘rtog‘i bilan bo‘lar-bo‘lmasga janjallashadigan bo‘lib qoldi. Bundan janjallarning davomiyligi sabab qaynota-qaynonasi bilan ham munosabatlari yomonlashdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Joriy yilning 15 mart sanasi. Furqatning xonadonida yana odatdagi janjal avj oldi. Doimiy kelishmovchiliklardan sabr kosasi to‘lgan Farida eri uydan chiqib ketishi bilan otasi Sherali akani chaqirtirdi. Ko‘p o‘tmay yetib kelgan Sh.Haydarov qizi bilan nabirasini olib ketdi. Bundan xabar topgan Furqat darg‘azab bo‘ldi. O‘zi yollanib ishlayotgan qushxonadan pichog‘ini yoniga solib, yo‘lga otlandi. Uning fikri-zikrini: “Bularning maqsadi bizni ajratish... Tinch yashashimizga qo‘yishmadi. O‘ldiraman!”, degan mudhish niyat egallab olgan edi. Shu niyatda o‘zining boshqaruvidagi “Matiz” avtomashinasini qaynotasining uyi tomonga haydadi.

Yo‘l-yo‘lakay yo‘lovchi mashinada turmush o‘rtog‘i, qizi va qaynotasi ketayotganini ko‘rib qolib, ularni to‘xtashga majbur qildi. Mashinadan tushgach, qaynotasi bilan bir-birini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqoratlashdi. Dahanaki jang bilan “xumoridan chiqmagan” F.Shomurodov yonida olib kelgan “qurol” bilan qaynotasiga tashlandi. Ota ko‘zi qonga to‘lgan kuyovning “hujum”idan himoyalanish maqsadida shu yaqin atrofdagi xonadonlardan biriga qochib kirdi. Biroq olgan tan jarohatlari tufayli shu yerda joni uzildi.

Qaynotasining umriga zomin bo‘lgan kuyov bu bilan tinchlanmadi. Butunlay insoniy qiyofasini yo‘qotib, endi yo‘lovchi mashinaning ichida yashirinib o‘tirgan turmush o‘rtog‘iga tashlandi. Ko‘z o‘ngida eri otasiga qilgan vahshiylikdan karaxt ahvolga tushib qolgan Farida uning navbatdagi qurboniga aylandi. Turmush o‘rtog‘ini mashinadan tortib olgan F.Shomurodov pichoqni ishga soldi. Xotini ham o‘z jonini saqlab qolish uchun yaqindagi xonadonga o‘zini urdi. Ammo Furqat uning ortidan ta'qib qilib, xotinining duch kelgan joyiga bir necha bor pichoq urdi. Natijada, F.Shotursunova ham voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi.

Sud tomonidan ikki insonning umriga zomin bo‘lgan F.Shomurodovga nisbatan 25 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid