18:00 / 31.10.2017
18536

Samarqandda YPX xodimlari reyd o‘tkazishdi: 153 nafar mast haydovchi qo‘lga tushdi

Joriy yilning iyul-avgust oylarida Samarqand viloyati hududida ham yo‘l-transport hodisalari va inson o‘limiga sabab bo‘layotgan avtohalokatlar soni keskin oshib ketgani tashvishlanarli holat ekanligi qayd etilgan edi.

Viloyat IIB matbuot xizmatining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, olib borilgan keng qamrovli ishlar samarasi o‘laroq, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, markaziy ko‘cha va yo‘llarda unga bog‘liq zarur ko‘rsatkich belgilarini yangilash, olib tashlanganlari yoki yo‘qlari o‘rniga yangilarini o‘rnatish, qolaversa, svetoforlarning uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi.

Shahar markazlari va chiqish yo‘llarida 12X18 metr o‘lchamda «Haydovchi, seni uyda oilang kutmoqda!», «Yo‘l qoidasi — umr foydasi», «Tezlikni oshirib, umringni qisqartirma!» va boshqa matnlarda haydovchilarni ogohlikka da'vat etuvchi, hushyorlikka chaqiruvchi pano va plakatlar o‘rnatilib, tungi paytda «Ulug‘bek», «Yuqori nuqta» shtab YPX postlarida uzoq yo‘l bosib harakatlanayotgan qo‘shni viloyat fuqarolari, yo‘l harakati ishtirokchilariga uyqu-charchoqni qochiruvchi yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘lik holatlar aks etgan eslatma va flayerlar tarqatilmoqda.

«Xususan, Vena konvensiyasi tavsiyalariga asosan yangi ko‘rinishdagi haydovchilik guvohnomalarining yaqin kunlarda joriy qilinishida haydovchilarning imtihondan o‘tkazish, ular orasida targ‘ibot ishlarini olib borish orqali yo‘l-transport hodisalari, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar sonini ham birmuncha kamaytirish mo‘ljallanmoqda», — deydi viloyat IIB YHXB boshlig‘i podpolkovnik Abdunabi Nosirov.

Ammo, yo‘llarda harakatlanuvchilar — yo‘lovchi va piyodalar tomonidan rioya etilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik, ularning bir-birini hurmat qilishi yuqori saviyada, deb bo‘lmaydi.

Shu maqsadda Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati qat'iy talablari asosida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatida ham keng ko‘lamda turli tadbirlar uyushtirilmokda. Ularning ichida eng samaralisi — yo‘l harakati xavfsizligi talab-qoidalarini pisand qilmaydigan qo‘pol kimsalar ham aniqlanayotgan haftaning shanba-yakshanba kunlari o‘tkazilayotgan «Avtopatrul» tadbirlari bo‘lmoqda.

Masalan, «Avtopatrul-reyd»ning so‘nggi shanba kuni natijalariga nazar solsak, viloyat hududida yul-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida  213 nafar davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etilgan reyd davomida jami 1060ta qoidabuzarlik aniqlandi. Ularning tahliliga ko‘ra 123 holatda tezlikni oshirish, 107 yo‘l belgisiga amal qilmaslik, 115tasi xavfsizlik kamarini o‘tkazmaslik, 184ta holatda hujjatsiz, haydovchilik guvohnomasisiz transport vositasini boshqarish, 14 holat svetofor va chorrahadan o‘tish qoidasini buzish, 61tasi quvib o‘tish qoidasini qo‘pol ravishda buzish, 16tasi avtomobil boshqarish jarayonida telefondan foydalanish, 37 sug‘urtasiz boshqarish, 9tasi qayta jihozlash, 10tasi oyna tusini o‘zgartirish, 4tasi temiryo‘ldan o‘tish qoidasini buzish va boshqa turdagi transport vositasilarini xavfsiz harakatlanishi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlandi.

Yanada qizig‘i, bitta «Volvo», bittadan «KIA», «Renj Rover» va «Malibu» avtomobili hamda ikkita «Captiva», 4ta «Kobalt», 6ta «Spark», 8ta «Lachetti», 13ta «Damas», 23ta «Neksiya» va ellikka yaqin «VAZ» markadagi avtomobil egalari yoki uni boshqarayotgan 153 nafar kishining spirtli ichimlik iste'mol qilib, transport vositalarini boshqaruviga chek qo‘yildi.

Katta ko‘cha va magistrallar yoxud mahalliy yo‘llarda 3ta MTZ-80 markali  traktor mexanizatorlari spirtli ichimlik istemol qilgan bo‘lsa, 107 nafar mast holatdagi haydovchi o‘zini umuman biror joyda ishlamayman, vaqtincha ishsizman, deb yul harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ishontirishgan bulsa, 5ta avtomobilni korxona, tashkilot yoki tadbirkor boshqaruvidaligi hamda 1 nafar maktab direktori boshqarib kelayotgani ma'lum bo‘ldi. 

Samarqand shahar IIB YHX bo‘limi inspektori serjant Feruz Xushvaqtov to‘xtatgan «Lachetti» rusumidagi davlat belgisi 30 757 NAA transport vositasi «Afrosiyob-Trans» MChJga qarashli, «ZAS» markali davlat raqami 30 698 RAA avtobusni esa Past Darg‘om tumanidagi «SheR» MChJ haydovchisi Imomnazarov Ilhom spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda boshqarayotgani ma'lum bo‘ldi.

Tayloq tumanida to‘xtatilgan davlat raqami 30 S 064 SA «Neksiya» markali yengil avtomobilni tumandagi 39-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktori Ma'ruf Botirov boshqarayotgani, davlat raqami 30 645 AAA «Damas» avtomobili esa «O‘ztelekom» Kattaqo‘rg‘on filialiga tegishli bo‘lib, ularni spirtli ichimlik iste'mol qilgan «o‘zini xon, ko‘lankasini maydon», deb bilgan kishilar boshqarayotganiga nima deysiz?! Nahotki ular o‘z qilmishlarini jazosiz qoladi, deb o‘ylashgan bo‘lsa?! Shu yerda savol tug‘iladi: bu kishilar bilan birga spirtli ichimlik iste'mol qilgan do‘stlar, nahotki ularning shu ahvolda rulga o‘tirishi, avtomobil boshqarishiga yo‘l qo‘yishdi?

Tahririyatimizga viloyatda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yuzasidan faqat bir kun davomida amalga oshirilgan ishlar natijasi tahlili berildi. Shu kuni 396ta avtotransport vositasi jarima maydonchasiga qo‘yilgan. O‘z vaqtida oldi olingan qoidabuzarliklar va xavf xayrli yakun topgani yaxshi, ammo bola-chaqa, uy-joy uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan qanchadan-qancha mablag‘, qancha asabbuzarlik ketganini ham birov hisoblarmikan?

 

O‘z muxbirimiz.

Top