O‘zbekiston | 19:40 / 21.11.2017
12432
2 daqiqa o‘qiladi

​Kegaylida qamish, bug‘doy somoni va paxta g‘o‘zapoyasidan qog‘oz ishlab chiqariladi

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegayli tumani hokimi qarori bilan «Juzimbog‘» ovul fuqarolar yig‘ini hududida mahalliy xomashyo qamish, bug‘doy, sholi somoni, paxta g‘o‘zapoyasidan sellyuloza va qog‘oz massasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xorijiy sarmoya ishtirokidagi «KEGEYLI QOGOZ» mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston axborot agentligi​ xabar berdi.

Korxonaning umumiy qiymati 5 million 150 ming AQSh dollari bo‘lib, Nukus shahridagi «Davr qurilish» mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bugungi kunga 1 milliard 200 million so‘mlik qurilish ishlari bajarildi.

Korxonaga zarur asbob-anjomlarni olib kelish uchun «Milliy bank»ning Nukus filiali tomonidan 1 million AQSh dollari kredit sifatida ajratilishi kutilmoqda.

– Yiliga 18250 tonna sellyuloza ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonani kelgusi yilning ikkinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan, deydi mas'uliyati cheklangan jamiyati raisi o‘rinbosari Shuhratilla Xikmatov. –Birinchi bosqichda 100 yangi ish o‘rni yaratiladi. Korxonaga fermer xo‘jaliklaridan, oilaviy pudratchilardan va aholidan yiliga 40 ming tonna xomashyo sotib olinadi. Ikkinchi bosqich ishga tushgach yana 50 yangi ish o‘rni yaratilib, qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga quyiladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid