Jahon | 07:31 / 25.11.2017
16085
2 daqiqa o‘qiladi

Kuba yetakchisi Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

24 noyabrda Kuba poytaxti Gavanada Kuba rahbari Raul Kastro Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Li Yon Xo bilan uchrashdi.

“Tomonlar Kuba va Shimoliy Koreyani tarixiy do‘stlik rishtalari bog‘lab turishini ta'kidlab o‘tdilar va o‘zaro manfaatga ega xalqaro masalalarni muhokama qilishdi”, deb ma'lum qilingan Kuba televideniyesi xabarida.

Uchrashuv vaqtida Li Yon Xo Kastroga Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning salomini yetkazgan hamda 2016 yil 25 noyabrda Kubaning ko‘p yillik rahbari Fidel Kastroning hayotdan ko‘z yumganining bir yilligi munosabati bilan ta'ziya bildirgan.  

Kuba va Shimoliy Koreya 1960 yildan diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. 2013 yilda ikki davlat o‘rtasida fan va texnika sohasidagi aloqalarni rivojlantirish haqidagi bayonnoma imzolangan. Ushbu bayonnoma “tovarlar ayirboshlashni” nazarda tutadi.  

2015 yilda Gavanaga Shimoliy Koreya Ishchi partiyasining xalqaro aloqalar bo‘yicha kotibi Kan Sok Su tashrif buyurib, Raul Kastro bilan uchrashuv o‘tkazgan. Pxenyanga javob tashrifi shu yilning o‘zida amalga oshirilgan: Kuba davlat kengashi raisi Migel Dias-Kanel Pxenyanda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashgan.

Mavzuga oid