Hukumat tarkibida yana bir kompleks tashkil etildi
O‘zbekiston Prezidentining 27 noyabr kungi qarori bilan Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘zgarishlar kiritildi. Unga ko‘ra, hukumat tarkibida Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy madaniyat va sport masalalari kompleksi ham tashkil etilgan. Bu kompleks shu vaqtgacha bosh vazir tasarrufida bo‘lgan Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamenti hamda Madaniyat, san'at va turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti o‘rnida yuzaga keldi.
Endilikda bu ikki kompleks rahbarlari ham bosh vazir o‘rinbosarlari hisoblanishadi. Shu tariqa, bosh vazir o‘rinbosarlari soni 8 nafarga yetdi.
Kun.uz manbasi bergan xabarga ko‘ra, Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy madaniyat va sport masalalari kompleksiga Hisob palatasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Qahramon Akmalov rahbar etib tayinlandi.
Bundan avvalroq yangi tashkil etilgan Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari bo‘yicha kompleksga Milliy bankning endilikda sobiq rahbari Suxrob Xolmuradov rahbar bo‘lgani haqida xabar qilingandi.