Jahon | 08:00 / 03.12.2017
19278
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina aholisi e'lon qilinganidan ancha kamligi ma'lum bo‘ldi

© AP Photo / Sergei Chuzavkov

Ukraina hududida statistika qo‘mitasi ma'lum qilganidek 42 million kishi emas, balki doimiy ravishda 30 milliondan biroz ko‘proq odam yashaydi. Bu haqda ZIK telekanali efirida Ukrainaning sobiq mehnat va ijtimoiy siyosat vaziri, oliy rada deputati Mixail Papiyev aytib o‘tdi.    

“Chetdan qaraganda Ukraina muvaffaqiyatli davlatdek ko‘rinadi. Statistika bo‘yicha, bugun 42,3 million ukrainalik bor, ya'ni bu kuchli Yevropa davlati. Biz Ukraina fanlar akademiyasining demografiya instituti mutaxassislari bilan o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, hozir bu boradagi optimistik ko‘rsatkich – 32 million fuqaro”, deb aytdi Papiyev va tahlil jarayonida Qrim, Donetsk va Lugansk aholisi hisobga olinmaganini ta'kidlab o‘tdi.     

Papiyevning aytishicha, Ukrainaning 10 million fuqarosi vatanlarida ish topolmay, xorijda ishlagani ketishga majbur bo‘lgan.

“2014 yilgacha bunday odamlar 5 million edi, hozir yana 5 million kishi xorijga ketgan. Bu katta falokatdir, chunki xorijga asosan sog‘lom, farzand ko‘ra oladigan yoshdagi odamlar chiqib ketmoqda”, deb qo‘shimcha qildi deputat.   

Ukraina statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, Ukraina aholisi 2017 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, Qrim hisobga olinmaganda 42,3 million kishini tashkil qiladi.  

Mavzuga oid