Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
De Bryuyne nishonladi, Lukaku esa yo‘q. Mourinoni yana masxaralashdi
«Tribuna» Angliya chempionatida dam olish kunlari o‘tkazilgan tur o‘yinlaridagi asosiy voqealarni eslab o‘tadi.
«Manchester Siti»: barcha skalplar olindi

«Manchester Siti» muxlislaridan boshqa barcha muxlislar bu o‘yinda «Tottenhem» tarafida edi, ular nihoyat gegemon ochko yo‘qotishiga umid qilishgandi. Harri Keyn va kompaniya o‘yinni o‘z qo‘liga olishga harakat qildi va Gvardiola jamoasini mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni tan oldirish uchun bir qancha imkoniyatlarga ega bo‘lishdi.
«Shporlar» murabbiyi har qanday kuchli taktikaga javob tayyorlay olardi, ammo «Siti» Pochettinoni tezkor gol va kuchli pressing bilan ilojsiz qoldirdi, «Tottenhem» futbolchilari ikkinchi bo‘limda oldinga chiqishga ham qiynalib qolishdi.
O‘yindagi asosiy futbolchi yana «Man Siti» yetakchisi Kevin De Bryuyne bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda belgiyalik bu futbolchini Dele Alli juda qo‘pol kutib oldi – raqib uning oyog‘iga tepib, korpus bilan zarba berib yiqitdi. De Bryuyne bir daqiqacha yotgach, o‘rnidan turdi va bir daqiqadan keyin qarshi hujumda «Tottenhem» darvozasini ishg‘ol etib, o‘yinga amalda nuqta qo‘ydi. U raqib qo‘polligiga goli bilan javob berdi. O‘yinning qolgan qismida Rahim Sterling yana ikkita gol urdi. Endi u «Siti»ning asosiy to‘purar futbolchisi. Mezbonlar safida Jyezus penaltidan gol ura olmadi, aks holda hisob yanada yirikroq ko‘rinishda bo‘lishi mumkin edi, qolaversa, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda londonliklar bitta javob goli yo‘llashdi - 4:1.
Endi Pochettino ham Klopp, Venger, Konte va Mourino qatorida. Endi Xosep Gvardiola APLdagi barcha top-murabbiylarni mag‘lub etdi.
Endi «shaharliklar» Angliya premer ligasidagi navbatdagi rekord sohibi - chempionatda qatorasiga 16-g‘alaba.
«Siti» kiyim almashtirish xonasida yana shovqin. Mourino yana xafa bo‘ladi

«Manchester Siti» futbolchilari o‘tgan haftada «MYu»ga qarshi derbi o‘yinidan keyin Mourino bilan ziddiyatga borishgandi. Britan nashrlari yozishicha, o‘shanda portugaliyalik mutaxassisga raqib g‘alabani qattiq ovozlar bilan nishonlashi yoqmagandi va u «Siti» futbolchilari xonasiga kirib borgan, natijada tomonlar o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergandi. «Tottenhem»ga qarshi o‘yindan keyin Mourino «Siti»ning kiyim almashtirish xonasi yaqinida emasdi, ammo «Siti» futbolchilari u haqda qo‘shiq kuylashdi: «Avtobus qo‘y «Manchester Yunayted», avtobus qo‘y! Mourino uslubida avtobus qo‘y».
Bu qo‘shiq videosini Benjamen Mendining do‘sti tarmoqqa joyladi, jarohat tufayli o‘ynamayotgan ushbu futbolchi kiyim almashtirish xonasiga kirishiga Gvardiola ruxsat bergan, uning vazifasi jamoa futbolchilari ruhiyatini ko‘tarish edi. Endi murabbiy Mendi bilan gaplashib oladimi?
Lukaku nishonlamadi

«Qizil iblislar» bunga javoban keyingi kuni «Vest Bromvich» ustidan g‘alabaga erishdi — 2:1. Mourino shogirdlari birinchi bo‘limdayoq ikkita gol urib, o‘yin taqdirini amalda hal qilishdi. Romelu Lukaku va Jyessi Lingardning gollari manchesterliklarga ustunlik berdi. Belgiyalik futbolchi o‘z golini nishonlamadi. O‘yindan keyin Mourino buni u 2012/13 yilgi mavsumda «Vest Bromvich» safida to‘p surgani bilan izohladi. U yana shunday qo‘shimcha qildi: «Men ham nishonlamagan bo‘lardim. Lekin xursandligimni ichimda saqlardim. 15 yil oldin gollarni qanday nishonlaganlarimni eslasam, uyalaman. Yosh o‘tgan sayin hissiyotlaringni nazorat qila oladigan bo‘lasan. Albatta, o‘yin oxirida urilgan gollar bundan mustasno».
«Vest Bromvich» o‘yin oxirida hisobni qisqartirdi va oxirgi daqiqalar mankunianliklar uchun xavotirli o‘tdi. Lekin jamoa g‘alabani qo‘lida saqlab qoldi va «Manchester Siti»ni 11 ochkolik farq bilan ta'qib etishda davom etdi.
De Bryuyne nimani namoyish etdi

«Tottenhem» darvozasiga urilgan goldan keyin Kevin De Bryuynening harakatlari hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. U golini nishonlay turib, kameralarga barmoqlari bilan bir va ikki raqamlarini ko‘rsatgandi.
Avvaliga ba'zilar u bu harakati orqali o‘z vaqtida uni «Chelsi» tarkibiga kiritmagan Joze Mourinoga salom yo‘llaganini taxmin qildi. «Shaharliklar» o‘tgan turda «MYu»ni 2:1 hisobida yengishgandi. Yana bir versiyaga ko‘ra esa, 21 - «Manchester Siti» va «Tottenhem» o‘rtasida ushbu natijadan keyin yuzaga kelgan 21 ochkolik farqni ifodalaydi. Uchinchi, eng ishonarli talqin esa, «Siti»ning 21 raqam ostida to‘p suruvchi, ushbu o‘yinda ishtirok eta olmagan David Silvaga bag‘ishlov.

Bu talqinni, jamoa futbolchilarining kiyim almashtirish xonasida tushgan surati ham tasdiqlamoqda.
O‘zil Zidanni eslatdi

«Arsenal» va «Chelsi» o‘z o‘yinlarida minimal hisoblarda g‘alaba qozonishdi. Arsen Venger shogirdlari «Nyukasl» ustidan g‘alabaga erishdi. Bu o‘yinda Mesut O‘zil jamoasiga g‘alaba keltirdi. Uning goli Zinedin Zidanning Chempionlar Ligasi finalida «Bayyer»ga urgan mashhur golini eslatdi.
Ikkinchi o‘yinda Antonio Konte drujinasi — «Sauthempton»dan ustun keldi — Markos Alonsoning aniq zarbasi g‘alabani ta'minladi. Alonso o‘yin oxirida kartochka olib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi. Endi u sariq kartochkalari ko‘payib ketgani bois Kubok bahsida «Bornmut»ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi, uning o‘rnida o‘ynashi mumkin bo‘lgan Davide Dzappakosta jarohatlangan va endi murabbiylar shtabi chap qanot himoyasidagi muammoni hal etishi kerak bo‘ladi. «Bornmut»ning o‘zi ham «Chelsi»ga qarshi yaxshi kayfiyatda kelmayapti, jamoa bu turda «Liverpul»dan 4 gol o‘tkazdi. Yurgen Klopp shogirdlari qatorasiga 4 safar uchrashuvda yirik g‘alabaga erishdi va bu borada APLning yangi rekordini o‘rnatdi.
Saloh Rashga yetib oldi, Azar unga yeta olmaydi

«Liverpul» qatorasiga ikki o‘yinda durang qayd etgach, yana yirik hisobdagi g‘alabaga erishdi. «Bornmut»ga qarshi g‘alabali o‘yindagi gollardan biri muallifi Muhammad Saloh mavsumdagi gollari sonini 20taga yetkazdi. Unga bu natijaga erishish uchun 26 uchrashuv (barcha turnirlar bilan) kifoya qildi. Bu orqali misrlik futbolchi «Liverpul»ning sobiq futbolchilari Luis Suares va Maykl Ouenni ortda qoldirdi hamda 31 yil muqaddam Rojdestvoga qadar 20 gol urishga ulgurgan Ian Rashga yetib oldi.
Taqqoslash uchun «Chelsi»ning ko‘p yillik yetakchisi Eden Azar hali biron mavsumda 20ta gol urmagandi, Saloh esa mavsum yarmiga yetmasdan, shunday natijani qayd etmoqda.
Autsayderlarning uyg‘onishi

18-turdagi qiziq voqealar turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalar uchrashuvlarida kuzatildi. «Kristal Pelas» «Lester»ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi — 3:0. Endi jamoa xavfli hududni tark etgan. Mavsum boshini londonliklar klubi o‘ta omadsiz o‘tkazdi, jamoa 7 uchrashuvda gol ura olmadi va APLda qator antirekordlarni yangiladi. Shundan keyin rahbariyat Ronald De Burni iste'foga chiqardi. Roy Hojson jamoa boshqaruviga olib kelingach, vaziyat o‘nglanmoqda.
Arnautovich tavqi la'nati

Shuningdek, bu turda «Vest Hem» ham xavfli hududdan yuqoriga ko‘tarildi, londonliklar safarda «Stok Siti» ustidan g‘alabaga erishdi. O‘yin o‘ta asabiy ruhda kechdi, bunda sobiq jamoasiga qarshi o‘ynagan Marko Arnautovich ham sabab bo‘ldi. «Britanni» stadionida yig‘ilgan muxlislar avstriyalik futbolchini o‘yin davomida hushtakbozliklar bilan bezovta qilishdi. Bunga javoban Arnautovich «Stok» darvozasini ishg‘ol qildi va golni nishonlash vaqtida sobiq jamoasi fanatlariga qarata jumboqli harakatlar ko‘rsatdi.

Natijada Arnautovich almashtirilgan vaqtda, uning sobiq murabbiyi Mark Hyuz o‘zini tutib turolmadi. Murabbiy futbolchini haqoratladi va bu holat telekameralar nishonida turgandi.
Angliya chempionati. 18-tur
«Lester» – «Kristal Pelas» – 0:3
Gollar: Benteke, 19 (0:1). Zaa, 40 (0:2). Sako, 90 (0:3).
«Uotford» – «Haddersfild» – 1:4
Gollar: Kuchunga, 6 (0:1). Muy, 23 (0:2). Depuatr, 50 (0:3). Dukure, 68 (1:3). Muy, 89 – penalti (1:4).
«Chelsi» – «Sauthempton» – 1:0
Gol: Alonso, 45.
«Brayton» – «Byornli» – 0:0
«Arsenal» – «Nyukasl» – 1:0
Gol: O‘zil, 23.
«Stouk Siti» – «Vest Hem» – 0:3
Gollar: Nobl, 19 – penalti (0:1), Arnautovich, 75 (0:2). Sako, 86 (0:3).
«Manchester Siti» – «Tottenhem» – 4:1
Gollar: Gundo‘g‘an, 14 (1:0). De Bryuyne, 70 (2:0). Sterling, 80 (3:0). Sterling, 90 (4:0). Eriksen, 90+3 (4:1).
«Vest Bromvich» – «Manchester Yunayted» – 1:2
Gollar: Lukaku, 27 (0:1). Lingard, 35 (0:2). Berri, 77 (1:2).
«Bornmut» – «Liverpul» – 0:4
Gollar: Koutinyu, 20 (0:1). Lovren, 26 (0:2). Salax, 44 (0:3). Firmino, 66 (0:4).
«Everton» – «Suonsi» uchrashuvi bugun o‘tkaziladi.
Turnir to‘purarlari

Turnir jadvalidagi holat

Mavzuga oid
17:44 / 08.06.2026
Peres «Real»ga Joze Mourino bosh murabbiy bo‘lishini e’lon qildi
19:19 / 23.08.2025
O‘zbekiston MOQ va futbol assotsiatsiyasi rahbariyati “Manchester Siti“ klubining infratuzilmasi bilan tanishishdi
10:32 / 17.08.2025
«Siti» va «Barsa» yirik g‘alabalar bilan boshlashdi. Kun o‘yinlari
12:21 / 01.07.2025