19:55 / 18.12.2017
24240

Diniy oqim va terrorchilik guruhlariga​ qo‘shilib qolgan 13 nafar ​o‘zbekistonlik afv etildi

Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Inson hayotda ba'zan-bilib bilmay xato qiladi. Oqibatda o‘zi bilan birga oilasi, yaqinlarini ham aziyatga qo‘yadi. Ana shunday paytda adashganlarni kechira bilish, ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish chinakam o‘zbekona fazilat. Aslida ham inson qilgan xatosini tushunib yetishi – asosiy maqsad.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi farmoni katta bag‘rikenglik ifodasi bo‘ldi.

Bugun jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar tashkil etish, qolaversa, salomatliklarini muhofaza qilish, bandligini ta'minlash borasida viloyatimizda mutasaddi idoralar hamkorligida izchil chora-tadbirlar olib borilmoqda. Maqsad ularni tezroq jamiyatga qaytarish, tafakkurida sog‘lom fikrni shakllantirishdan iborat. 

Jizzax viloyati hokimligi Matbuot xizmatining Kun.uz'ga xabar berishicha, Prezident farmoniga muvofiq afv etilgan 13 nafar turli diniy oqim va terrorchilik guruhlariga bilib-bilmay qo‘shilib qolgan hamyurtlar uchun viloyat hokimligi tomonidan o‘ziga xos ekskursiya tashkil etildi.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Ekskursiyada Jizzax shahrining bugungi o‘zgarib borayotgan qiyofasi ishtirokchilarning hayratini oshirgani rost. Xususan, Jizzax erkin iqtisodiy zonasida Tadbirkorlikka berilayotgan e'tibor va bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati, ishchilarning mehnat sharoiti bilan ishtirokchilar yaqindan tanishtirildi.

Taqdir bizni hayot chorrahalarida turfa voqealarga, yaxshi-yu, yomon niyatli bo‘lsin, tanishu notanishga ro‘baro‘ qiladi, sinaydi. Shunday vaziyatlarda oqni qoradan farqlay olishimiz, aql tafakkurimiz, dunyoqarashimiz bilan to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz doim bizni yaxshiliklarga yetkazadi.

"Payvandchilik bilan shug‘ullanar edim. Nima bo‘ldi-yu, to‘g‘ri yo‘ldan adashdim! Turli xil buzg‘unchi guruhlar domiga tushib, 2010 yilda 8 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildim", deydi Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahallasida yashovchi Otabek Jo‘rayev.

Oiladagi yolg‘iz o‘g‘il Otabek Jo‘rayev yana onasi bilan diydor ko‘rishish baxtiga sazovor bo‘ldi. Mazkur tadbir ularni zamon o‘zgarishlari qarshisida mushohada qilishga undagani ayni haqiqat. 

Foto: Jizzax viloyat hokimligi

"Shavkat Mirziyoyev tomonidan afv etilgan yurtdoshlarimiz jamiyatning ajralmas bir bo‘lagi ekanligini his qilayotganlari, sodir etgan qilmishlariga astoydil pushaymon ekanliklari shubhasizdir. Zotan, shunday paytlarda Vatan, hurlik, oila degan oliy qadriyatlar yanada to‘laqonli anglab yetiladi",  deydi Jizzax viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari E.Ismatov​

Mavzuga oid
Top