11:03 / 18.12.2017
11194

Grizmann irqchilikda ayblandi. U uzr so‘rashga majbur bo‘ldi (foto)

«Atletiko»ning fransiyalik hujumchisi Antuan Grizmann tvitterga qo‘ygan surat muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Grizmann «Garlem Globtrotters» (Amerikadagi basketbol shou-jamoasi) basketbolchisiga o‘xshash qiyofadagi suratini namoyish etgandi. U parik taqib, tanasini qora rangga bo‘yagandi va «80-yillar uslubi», deya izoh qoldirgandi.

Shu zahoti futbolchiga tanqid yog‘dira boshlashgan. Uning libosini irqchilik belgisi sifatida qabul qilishgan. Ko‘plar undan terma jamoa yig‘iniga kelganida qora tanli jamoadoshlariga qanday izoh berishiga qiziqishgan.

Futbolchi vaziyatni yumshatishga harakat qilgan va quyidagicha tvit qoldirgan: «Tinchlaning, do‘stlar. Men «Garlem Globtrotters» fanatiman, bu ularning ajoyib davri nafasi. Bu ommaj». 

Uni bu tvitidan keyin yanada ko‘proq tanqid qilib, so‘ka boshlashdi. Yakunda Grizmann tvitlarini o‘chirib, uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi.

«Men xato qilganimni tan olaman. Men kimnidir ranjitgan bo‘lsam, uzr so‘rayman», – deya yozgan fransuz futbolchisi.

Blekfeys - oq tanli odamlar qora tanli qiyofasiga kirish uchun grim ishlatishi bo‘lib, uni XIX asrning ikkinchi yarmida qo‘llay boshlashgan. Oq tanli artistlar teatrlarda qora tanli kishini (qullar yoki ozod kishilar) shunday grim orqali ifodalashgan. O‘sha vaqtlarda tomoshabinlar ularni grimsiz holatda ko‘rishni istashmasdi.

Bugungi kunda blekfeys qora tanlilarga hurmatsizlikning yuqori ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.

Top