Yevropada tarixdagi eng yorqini bo‘lgan yozgi transferlar oynasi yopildi. 31 avgust kuni jami qiymati 300 mln yevrodan oshuvchi 800dan oshiq kelishuv tuzildi. Quyida so‘nggi kunda amalga oshgan transferlarning eng asosiylari keltiriladi.

Eduardu Kamavinga, 31 mln yevro, «Renn»dan «Real»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 39 o‘yin, 1 gol, 3 golli uzatma.

«Renn» tarbiyalanuvchisi «Real» bilan olti yillik shartnoma imzoladi. Kamavinga faoliyatini Fransiya chempionatida boshlab, klub uchun 88 o‘yin o‘tkazgan (ikki gol, besh assist). 2020 yil sentyabrida Eduardu milliy jamoa safida debyut qilgan — u koronavirusga chalingan Pogba o‘rniga jalb etilgandi. Avvalroq, transferlar darichasi yopilishiga sakkiz kun qolganida «Renn» futbolchisini 35 mln yevroga sotishga tayyorligi haqida ma'lum qilgandi. Avvalgi transferlar oynasi vaqtida qimmatroqqa baholangan bu futbolchining narxi tushirilishi sababi u klub bilan shartnomani yangilashga rozi bo‘lmaganidir, keyingi yil yozda u erkin agent sifatida tekinga ketishi mumkin edi.

Nikola Vlashich, 30 mln yevro, TsSKAdan «Vest Hem»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 34 o‘yin, 12 gol, 6 golli uzatma.

Xorvatiyalik yarimhimoyachi TsSKAdan ketishi bilan bog‘liq xabarlar oqimi nihoyat tinadigan bo‘ldi. Vlashich London klubi bilan besh yillik shartnoma imzoladi va terma jamoalar yig‘inidan keyin u «Vest Hem»ga borib qo‘shiladi. «Men bu ajoyib klub bilan shartnoma imzolaganimdan juda xursandman. «Vest Hem» futbolkasini kiyishni va har bir o‘yinda jamoaga yordam berishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman», deya yozdi Vlashich instagramdagi sahifasida. Vlashich Moskvaga kelishidan oldin, 2017-2019 yillarda Angliyaning boshqa bir klubi «Everton» a'zosi bo‘lgan (2018-19 yilgi mavsumni ham TsSKA safida ijara asosida o‘tkazgan).

Deniyel Jyeyms, 29,1 mln yevro, «Manchester Yunayted»dan «Lids»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 26 o‘yin, 5 gol, 2 golli uzatma.

Bu yozda «Manchester Yunayted» faqat futbolchi sotib olmasdan, balki sotdi ham. Jyeyms «Lids» bilan besh yillik shartnoma imzoladi va «qizil iblislar» g‘aznasiga kattagina summa tushirdi. Hujum chizig‘ida yangi ijrochilar paydo bo‘lgan «Yunayted» yaxshi transfer amalga oshirdi deyish mumkin, yosh vingerga tarkibda joy qolmagandi. Qolaversa, undan bo‘shagan 21-raqamli futbolka endi Urugvay termasida shu raqamda to‘p suradigan Kavaniga, Kavanidan bo‘shaydigan 7-raqam esa Ronalduga berilishi mumkin. «Biz bir necha yildan buyon Jyeymsning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib keldik. Klubdagilar bu transfer amalga oshishi uchun katta mehnat qilishdi. Sir emas, Deniyel — biz anchadan buyon safimizda ko‘rishni istagan futbolchi. Biz maqsadga erishdik. U biz uchun juda mos keladi. Jyeyms jamoaga qo‘shilishini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz», deya qayd etdi «Lids» direktori Viktor Orta.