Jahon | 06:36 / 21.12.2017
14228
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy koreyalik harbiy tumandan foydalanib Janubiy Koreya tomon qochib o‘tdi

Foto: Reuters

21 dekabrda Shimoliy Koreya armiyasi askari Janubiy Koreya tomon qochib o‘tdi. Bu haqda Janubiy Koreya shtablari boshliqlari qo‘mitasida ma'lum qilindi. 

“Bugun ertalab shimoliy koreyalik askar qurolsizlashtirilgan hududning janubiy tomoniga qochib o‘tdi”, deb aytilgan xabarda.

Harbiy quyuq tumandan foydalanib, Janubiy Koreyadagi chegara postiga chiqqan va bu yerda qo‘lga olingan. Ayni vaqtda tegishli idoralar uning asl maqsadlarini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

Ta'kidlanishicha, shimoliy koreyalik harbiylar qochoqni qidirish vaqtida Janubiy Koreya chegarasi tomon yaqin kelishgan, shundan keyin ular tomon 20 ga yaqin ogohlantiruvchi o‘q uzilgan. Shimoliy Koreya tomondan ham o‘q ovozlari eshitilgan. 

Bu joriy yilda shimoliy koreyalik harbiylar Janub tomon qochib o‘tgan 4-holatdir. Oxirgi marta bunday holat noyabrda yuz bergan. O‘shanda shimoliy koreyalik harbiy Janubiy Koreyaga qochib o‘tish vaqtida 5 ta o‘qotar jarohat olgan.     

38-parallel bo‘yicha o‘tuvchi qurolsizlashtirilgan hudud Koreya yarimorolini ikki qismga bo‘lib turadi. U tikanak sim bilan o‘rab chiqilgan, eni 4 km keladigan minalashtirilgan polosadan iborat. 

Mavzuga oid