22:40 / 26.12.2017
23326

Saylov uchastkalaridagi qoida buzilishlari tan olindi

24 dekabr kuni Toshkent shahrida​ o‘tkazilgan Xalq deputatlari tuman Kengashlari a'zolarini saylash jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida «​Saylovdagi ko‘zbo‘yamachilik: kimga ovoz berilishi oldindan ma'lum!»​ nomli maqolasida so‘z yuritilgandi. Uchtepa tuman saylov komissiyasining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, haqiqatan, 10-Zakovat saylov okrugiga qarashli 24-saylov uchastkasida ayrim saylovchilarning oilaviy ovoz berish jarayonlari aniqlangan.

«24-saylov uchastkasida ayrim saylovchilar tomonidan oilaviy ovoz berish​ holatlari kuzatilgan. «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining​ 41-moddasiga muvofiq, «​Saylov chog‘ida yo‘l qo‘yilib, oqibat natijada ovoz berish yakunlariga ta'sir qilgan qoidabuzarlik tufayli saylov umuman viloyat, tuman, shahar bo‘yicha yoki ayrim saylov okruglari, yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha o‘tmagan deb topilishi mumkin»​. ​Saylov uchastkasida yozib olingan video lavhalar tahlil etilib, haqiqatan oilaviy ovoz berish holati oz sonli saylovchilarda kuzatilgani sababli, ovoz berish jarayonining yakuniy natijasiga ta'sir qilmagani o‘rganib chiqildi», deydi Uchtepa tuman saylov komissiyasi raisi G‘. Raximov.

Ma'lum qilinishicha, majlisda 10-Zakovat saylov okrugiga qarashli 24-saylov uchastkasida yo‘l qo‘yilgan xatolar alohida ta'kidlanib, ushbu saylov uchastkasi a'zolari tegishli tartibda ogohlantirilgan.

Ushbu holat yuzasidan tumandagi boshqa uchastka saylov komissiyalari faoliyati ham o‘rganib chiqilgan. Shuningdek, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 42-moddasiga binoan, tumandagi 18ta saylov okrugida kelgusi ikki haftada takroriy ovoz berish o‘tkazilishi belgilangan. Takroriy ovoz berish jarayonini o‘tkazishda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan barcha uchastka saylov komissiya a'zolariga tegishli tavsiyalar berilgan.

Top