Jamiyat | 17:01 / 07.01.2018
23343
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Surxondaryolik Umidjon shifo topdi (videoreportaj)

KUN.UZ'da surxondaryolik Umidjon O‘rozaliyev haqida maqola e'lon qilib, xayriya aksiyasini tashkil etilgan edi. Kuni kecha xayriya aksiyasidan yig‘ilgan mablag‘ evaziga Umidjon murakkab jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgani xabar qilindi. Ijodiy guruh bolakayning holidan xabar olishga oshiqdi. Ma'lum bo‘lishicha, u Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazida parvarishda ekan. 

Umidjon jarrohlik amaliyotidan yaxshi chiqqan va ayni kunlarda shifokorlar nazoratida. Shifokor bolakayning ahvoli haqida quyidagilarni so‘zladi: 

"12 yoshli O‘rozaliyev Umidjon masalasida 2017 yilning 21 mart kuni shifoxonamizga murojaat qilishdi. Otasining so‘zlariga ko‘ra, bolani bosh og‘rig‘i bezovta qilgan, qo‘l va oyoqlari uvishishi kuzatilgan va bu ko‘proq chap tomonda ekani ma'lum qilingan. Bolada jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi, uning hozirgi ahvoli yaxshi. Xudo xohlasa, yaralari bitib, o‘zini to‘liq yaxshi his qila boshlaganidan keyin uyiga javob beriladi". 

Bugun Umidjonning yuzida tabassumni ko‘rish mumkin. Uni suhbatga chorlaganimizda o‘zining orzulari haqida gapirib, yurtdoshlarimizga ko‘rsatgan yordamlari uchun rahmat aytdi. 

"Barcha odamlarga, shifokorlarga otam ikkimiz katta-katta rahmat deymiz. Xursandman", - deydi Umidjon yuzida tabassum bilan. Bolakay KUN.UZ muxbiriga katta bo‘lsa, "militsiyalarning kattasi" bo‘lish orzusida ekanini aytdi. Qahramonning bolalarcha orzulari, ko‘ngil beg‘uborligi ertangi kunga ishonchidan darakdir. 

Umidjonning dadasi Abdulla Abduraimov ham suhbatga qo‘shildi. "Murojaatlarimizga befarq bo‘lmagan xalqimizga ko‘pdan-ko‘p rahmatlar aytaman. Xudoga shukur, xursandman, o‘g‘lim operatsiyadan yaxshi chiqdi. Shifokorlar ham yaxshi qarashmoqda. Bizga kim yordam bergan bo‘lsa, hammasiga yana bir bor rahmat aytaman", - deya ko‘zlari namlanadi otaning. 

Yana bir xayriya ishimizning natijasi ijobiy yakunlandi, ko‘ngil xotirjam bo‘ldi, harakatlar zoye ketmadi. Yagona xulosamiz shuki, yaxshilik qilish imkoni hammamizda bor. Xayriyada ishtirok etganlardan Yaratgan rozi bo‘lsin.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid