O‘zbekiston | 21:50 / 09.01.2018
14457
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek teatrlari faoliyatida katta o‘zgarishlar kutilmoqda

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi "2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarorini taqdim etdi.

Qarorda 2018-2022 yillarda davlat teatrlari faoliyatini yanada takomillashtirish, yangi teatrlar binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash, teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari haqida so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq, davlat teatrlarining ishlab chiqiladigan yangi konsepsiyalari tashrif buyuruvchilar, xususan, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sayyohlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, arxitektura-rejalashtirish, dizayn va landshaft yechimlariga e'tibor qaratgan holda har bir teatr binosi eskiz-loyihasini teatr yo‘nalishi va mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

2019 yilning 1 dekabriga qadar Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlarini tashkil qilish va ularning faoliyati bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, Madaniyat vazirligi uch oy muddatda sohaga oid malakali mutaxassislardan iborat ekspert guruhni shakllantiradi hamda bugungi zamon talabi va xorijiy ilg‘or tajribalarni inobatga olib, har bir davlat teatrining individual konsepsiyasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilandi:

  • davlat teatrlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturi doirasida markazlashgan mablag‘lar;
  • O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti mablag‘lari;
  • imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan har bir davlat teatrida yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini tanannum etuvchi, milliy qadriyatlar, urf-odatlar va an'analarni aks ettiruvchi, aholi, oila munosabatlari, ayniqsa yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik kabi g‘oyalar asosida tarbiyalovchi badiiy yuksak sahna asarlari, davr bilan hamnafas yashayotgan, hayot sinovlarida toblangan insonlar, ibrat bo‘la oladigan zamon qahramoni obrazini ifodalovchi spektakllar qo‘yish uchun davlat buyurtmasi beriladi.

Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yangi davlat teatrlari binolari qad ko‘taradi.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga davlat teatrlari va konsert-tomosha muassasalarida xodimlarning ish vaqti hisobini, chiptalar hisobi va hisobotini yuritishga doir elektron dasturiy ta'minotni hamda internet tarmog‘i orqali chiptalarni elektron usulda sotish tizimini joriy etishga doir takliflar kiritish rejalashtirilgan.

Shuningdek, sohadagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish maqsadida tarmoq markazida madaniyat va san'at sohasi pedagog, rahbar, ijodiy hamda ovoz va yoritish bo‘yicha texnik xodimlar uchun muayyan to‘lovlar asosida qayta tayyorlash va malaka oshirishga doir maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Mavzuga oid