O‘zbekiston | 21:28 / 16.01.2018
111605
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi oltin-valyuta zaxirasi rasman e'lon qilindi 

2017 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi oltin zaxirasi 26,6 milliard dollarga teng, deb baholandi. Bu haqda Markaziy bank Axborot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov joriy yil 1 yanvardan boshlab bank faoliyati va oltin zaxirasi haqida shaffof ma'lumotlar ommaviy e'lon qilinishini ma'lum qilgandi. Shunga qaramay, hisobotlar o‘z vaqtida chop etilmadi.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Adham Haydarov ushbu masalaga to‘xtalib, Kun.uz muxbiriga aniq ma'lumotlar tez orada e'lon qilinishi ma'lum qilgandi.

2017 yilning I yarim yilligida bank aktivlari 26 foiz yoki 19,3 trillion so‘mga, jumladan, kredit qo‘yilmalari 34 foizga yoki 17,3 trillion so‘mga o‘sdi.

Kreditlashtirishning o‘sishi asosan soha va hududlarni rivojlantirish davlat dasturlarining investitsion loyihalarni moliyalashtirish, kichik biznes sub'yektlari va xususiy tadbirkorlikni kreditlashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni boshlayotgan aholini qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri kelgan.

Banklarning kredit faolligi oshishi 2017 yilning I yarim yilligida milliy valyutadagi pul massasining 15 foizga o‘sishiga olib keldi va bu iqtisodiyotda narx darajalarining oshishiga ta'sir ko‘rsatdi.

Paydo bo‘lgan vaziyatda inflyatsiya jarayonlarini jilovlash va pul massalari o‘sish sur'atlarini cheklash maqsadida 2017 yilning 28 iyunidan boshlab Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 9 foizdan 14 foizga ko‘tarildi.

Pul-kredit siyosatining qat'iylashtirilishi monetar omillarning inflyatsiya darajasiga ta'sirini bosqichma-bosqich pasaytirish va asosiy pul-kredit ko‘rsatkichlarining mustahkam aksilinflyatsiya dinamikasini shakllantirish imkonini berdi. Xususan, milliy valyutadagi pul massasi ikkinchi yarim yillikda 4,7 foizga kamaydi va natijada 2017 yil bo‘yicha uning o‘sishini umumiy 9 foiz darajada saqlab qolish imkonini berdi.

2017 yilning ikkinchi yarim yilligida pul-kredit siyosatini o‘zgartirilishini belgilab bergan asosiy makroiqtisodiy omillardan biri valyuta siyosatining liberallashtirilishi bo‘ldi.

Ko‘rilgan choralar sentabr-dekabr oylarida banklarning xorijiy valyutalarning oldi-sotdisida o‘rtacha oylik hajmlari 2017 yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan barqaror oshib borishini ta'minladi: yuridik shaxslar tomonidan xaridlar soni 60 foizga oshdi, sotish esa 4 barobarga ko‘paydi. Aholi o‘z valyuta mablag‘larini tijorat banklarining ayriboshlash shoxobchalarida bozor kursida sotish imkoniga ega bo‘ladi.

Sentyabr oyida o‘tkazilgan devalvatsiyadan so‘ng ayriboshlash kursi barqaror darajada saqlandi va bir foizlik diapazonda tebranib turdi: 1 AQSh dollariga 8049-8138 so‘m.

2017 yil yakunlariga ko‘ra sof oltin-valyuta zaxiralarining hajmi 26,6 milliard dollarga yetdi va o‘sish yil boshiga nisbatan 1,4 milliard dollarni tashkil etdi.​

Mavzuga oid