Bugun, 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 1068 kilometrida Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda yo‘lovchi avtobus yonib ketdi. Setra rusumli avtobus (dastlabki xabarlarda bu «Ikarus» bo‘lgani aytilgandi) boshqa transport vositasi bilan to‘qnashmagan, harakatlanayotgan vaqtida alanga olgan. Avtobus hali yo‘lning yarmida edi.
Bu odatdagi reys bo‘lmagan. Ko‘p ehtimol bilan ushbu avtobus o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini Qozog‘iston janubidagi Chimkent shahridan Rossiyaning Qozon shahriga olib ketayotgan edi. Ushbu ikki qavatli avtobusda jami 57 kishi bo‘lgan, faqat 5 kishi undan chiqa olgan, qolgan 52 kishi halok bo‘lgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligining Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi dastlab halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ham ushbu hodisa oqibatida halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar bo‘lganini tasdiqladi va halok bo‘lganlarning fuqaroligini aniqlashga kirishdi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida tashkil etilgan maxsus hukumat komissiyasi Aqto‘beda bo‘lib turibdi va fojyea qurbonlarining shaxsini aniqlash ustida ish olib bormoqda.
Yo‘lovchilar Rossiyaga ishlash uchun yo‘l olgan mehnat muhojirlari bo‘lgan — ko‘p ehtimol bilan ular noqonuniy mehnat muhojirlari bo‘lgan. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi «Meduza»ga ma'lum qilishicha, avtobusdagi o‘zbekistonliklar agentlikda ro‘yxatdan o‘tmasdan ketgan mehnat muhojirlari bo‘lishi mumkin (agentlik xorijga mehnat muhojirlarini faqat qonuniy asosda, samolyot yoki poyozdda yuboradi). «Balki, nelegallardir… Ammo O‘zbekistonning istalgan fuqarosi mustaqil ravishda Rossiyaga borishi, u yerda patent olib, ishlashi mumkin», — degan agentlik vakili Xurshid Hakimov.
O‘zbekistondan Rossiyaga Qozog‘iston orqali yo‘lovchi tashishning «kulrang sxema»si mavjud bo‘lib, bu yo‘ldan hech qanday hujjatlarni rasmiylashtirmasdan Rossiyaga borib ishlashni maqsad qilgan o‘zbekistonliklar foydalanadi.
Avtobusning egasida yo‘lovchi tashish uchun litsenziya bo‘lmagan; Qozog‘iston investitsiyalar va mamlakatni rivojlantirish vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, avtobus majburiy texnik ko‘rikdan 2015 yilning 17 avgustida o‘tgan va 1989 yilda ishlab chiqarilgan avtobusning muddati 2016 yilning 17 fevralida tugagan. Kishilarning o‘limi bilan yakunlangan ushbu hodisa bo‘yicha Qozog‘iston respublikasi JKning 345-moddasi 4-bandi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu moddaga ko‘ra javobgar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.









