07:16 / 25.01.2018
14619

Shifokorlar 5 yil «quyosh nuri ko‘rmagan» Assanjning sog‘lig‘idan xavotirlanishmoqda

Foto: Peter Nicholls / Reuters

Ekvadorning Londondagi elchixonasida 5,5 yildan beri tashqariga chiqa olmay yashayotgan, WikiLeaks asoschisi Julian Assanjning sog‘lig‘i shifokorlarda xavotir uyg‘otmoqda. Shifokorlar jurnalistni ko‘rikdan o‘tkazganlaridan keyin tashqi dunyodan uzilgan va tashqariga chiqish imkonidan mahrum bo‘lgan holda yashash Assanjning salomatligi va psixikasiga yomon ta'sir qilayotganini aytishgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Amerikalik va britaniyalik shifokorlar Sondra Krosbi va Brok Chisholm 2017 yil oktabrida 3 kun davomida Assanjni 20 soatga yaqin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan. 24 yanvarda ular nashrga Assanj tibbiy yordam olish huquqidan mahrum etilayotganini ma'lum qilishgan.

“Tadqiqotimizning ko‘rsatishicha, u 5,5 yildan beri quyosh nuri ko‘rmagan, normal havo tuymagan va tashqariga chiqmagan. Bu esa uning salomatligida sezilarli fiziologik va psixologik asoratlarga olib kelgan”, deb aytgan Krosbi. Uning aytishicha, Assanjning tashqariga chiqa olmay yashashi og‘ir xavotir xurujlari, vahimaga tushish, tushkunlik, o‘z joniga qasd qilish xayollariga borish va surunkali kasalliklar sababi bo‘lishi mumkin.

Nashrning ta'kidlashicha, Assanjda avvalroq yelkasi bilan muammo bo‘lgan va unga magnit-rezonans tomografiya o‘tkazilishini talab qilgan. Biroq elchixonada bunday muolajani o‘tkazishning imkoni yo‘q. Buyuk Britaniya hukumati jurnalistga elchixonani xavfsiz tark etish va kasalxonada davolanish iltimosini rad etgan. Hukumat shifokorlarga barcha zaruriy anjomlarni elchixonaga olib borishni taklif qilgan.  

Jurnalist Shvetsiyaga topshirilishidan xavotirlanib, Ekvador elchixonasida qo‘nim topgan. Shvetsiyada u nomusga tegishda ayblangan. 2017 yilda unga nisbatan tergov to‘xtatilgan, biroq jurnalist baribir Shvetsiya hukumatiga topshirilishidan, Shvetsiya esa uni AQShga topshirishidan xavotirlanmoqda. AQShda unga maxfiy ma'lumotlarni chop etgani uchun o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top