Jahon | 09:50 / 01.02.2018
18476
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya kompaniyasi rahbari Imomali Rahmonga Rog‘un bo‘yicha va'da berdi

Foto: President.tj

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon kecha Tojikiston Respublikasi hukumati qarorgohida «Salini Imprejilo» kompaniyasi rahbari Piyetro Salinini qabul qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar muhim gidroenergetik inshootdagi qurilish ishlari darajasi va sifati yuzasidan fikr almashgan, loyiha ishlarining o‘z vaqtida bajarilishini muhokama etgan.

Ishonch bildirilishicha, Rog‘un GES to‘g‘oni qurilishi pudratchisi «Salini Imprejilo» (Salini Impregilo) kompaniyasi obekt qurilishida loyiha ishlarini bajarish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlarni ko‘radi hamda ularni o‘z vaqtida va yuqori sifatda yakunlaydi.

Uchrashuvda Rog‘un GES qurilishi va uni tiklash bo‘yicha ikki tomonlama majburiyatlarga aloqador boshqa masalalar ham muhokama qilingan.

Imomali Rahmon bilan uchrashuvdan so‘ng «Salini Imprejilo» (Salini Impregilo) kompaniyasi rahbari Piyetro Salinining jurnalistlarga ma'lum qilishicha, Rog‘un GESning birinchi agregati 2018 yilning 16 noyabr kuni ishga tushiriladi.

«Men bugun Rog‘un GES qurilish maydonida bo‘ldim va hurmatli Imomali Rahmonga bu safar natijalari haqida hisobot berdim. Aytishim kerakki, qurilish maydonida ishlar yaxshi ketmoqda hamda uning alohida uchastkalarida ko‘plab quruvchilar mehnat qilmoqda. Meni qurilish ishlaridagi muvaffaqiyatlar quvontirdi, davlat rahbariga Rog‘un GESning birinchi agregati joriy yilning 16 noyabr kuni ishga tushirilishini va'da qildim», - deya ma'lumot bergan Salini.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Usmonali Usmonzoda Rog‘un GES qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ishlar bajarilmoqda, gidrostansiyaning birinchi agregatini joriy yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgani haqida xabar qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid