00:33 / 03.02.2018
158036

Qur'on musobaqasida ro‘y bergan voqea ko‘pchilikning ko‘ziga yosh keltirdi

Foto: KUN.UZ

Andijon viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Qur'on musobaqalarining hududiy bosqichini KUN.UZ saytida yoritish maqsadida “Oltinko‘l” jome masjidida bo‘lganimda, juda qiziq  voqeaga guvoh bo‘ldim.

Masjidda  Baliqchi, Oltinko‘l va Andijon tumanidan kelgan erkak ishtirokchilar o‘rtasidagi hifz va tilovat yo‘nalishidagi musobaqalar yakunlanib, g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi. Hakamlar har bir g‘olibni masjid markaziga ism-sharifi bilan chaqirib, ularga birinchi o‘rinni olganligi haqidagi diplom va qimmatbaho sovg‘alarni topshirar, ishtirokchi va tamoshabinlar ularni qutlab turishar edi.

Ma'lumki, tuman va shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan qatnashchilar musobaqaning keyingi, viloyat birinchiligiga yo‘llanma oladi.

Har bir ishtirokchi ezgu niyatda kunlarni tunlarga ulagancha ilm o‘rganib, g‘olib chiqish ishtiyoqida bo‘lganligi aniq.

Taqdirlash tadbiri yakuniga yetib qolganida, g‘oliblardan biri bo‘lgan Muhammadsodiq Davlatov hakamlar hay'ati yoniga kelib: “Men shartlarni bajarish davomida ko‘p adashgan edim. Aslida,  Burhoniddin Davlatov g‘oliblikka loyiq edi. Familiyamiz bir xil bo‘lganligi uchun anglashilmovchilik bo‘lmadimikan?”, deya murojaat qilibdi.

Hakamlar olingan ballarni tekshirib chiqqanlarida, haqiqatan ham Muhammadsodiqqa familiyadosh bo‘lgan qori yigit – Burhoniddin Davlatovning ballari yuqori ekanligi aniqlandi. Ba'zida, 200 nafardan ziyod kishi qatnashayotgan musobaqada ism va sharifdagi o‘xshashlik bois, ana shunday anglashilmovchilik bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Foto: KUN.UZ

Shundan so‘ng barchasi o‘z o‘rniga tushdi. Hakamlar endi davra markaziga Burhoniddin Davlatovni chorlab, unga birinchi darajali diplomni topshirdilar. Davra to‘riga g‘olib bilan  birgalikda, uning do‘sti, rostgo‘y va hamiyatli Muhammadsodiq ham chiqdi.

Hay'at raisi yig‘ilganlar oldida ibrat ko‘rsatgan qori yigitni ko‘zida yosh bilan duo qildi.

Hakamlarning o‘zlari bo‘lib o‘tgan ibratli voqeaga e'tibor qaratishimni so‘rashdi.

Islom dini insonni ezgulikka chorlaydi. Olgan mukofotini o‘zidan ko‘ra ilmliroq bo‘lgan do‘stiga ravo bilgan Muhammadsodiqqa boqib, odamiylik va mardlik xislatlarini tuydim.

Qur'onni o‘qish, o‘rganish va anglash maqsadida tashkil qilingan musobaqalarning nafaqat ilm egalari, balki keng omma ishtirokida o‘tkazilishining asl mohiyati ham shunda bo‘lsa, ne ajab...

                                                                      KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon​​​​​​  

Top