Jamiyat | 11:57 / 08.02.2018
9139
4 daqiqa o‘qiladi

Murojaat tez fursatda ko‘rib chiqildi: Surxondaryodagi mahallaning internet sifati va elektr ta'minoti yaxshilanadi 

Assalomu alaykum KUN.UZ saytining ijodkorlari. Men sizga Surxondaryo viloyati, Qiziriq tumani, “Birdamlik” mahallasidan xat yozayapman. Murojaat mazmuni shundan iboratki, bizning mahallada tabiiy gaz haqida orzu qilishning imkoni yo‘q. Tabiiy gaz yo‘qligiga odamlar moslashib ketgan. Lekin elektr tokining tez-tez uzilishi, ayniqsa, kechki payt tartibsiz ravishda uzilishi ancha qiyinchilik va noqulaylik tug‘dirmoqda.

Yana bitta muammo, bizning mahalla hududida sifatli internet aloqasini izlab topib bo‘lmaydi. Bilayn, Yusel, YuMS kompaniyalariga qilgan murojaatlarimizga ikki yildan buyon faqat va'dalar bilan javob olayapmiz.

Sizlardan iltimos, ushbu mahalla ahlining muammolarini saytingizda yoritsangiz. Oldindan rahmat. Xudo madadkor bo‘lsin sizlarga.

KUN.UZ tahririyatida Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani, “Birdamlik” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarodan elektr energiyasi, tabiiy gaz va internet sifatidagi muammolar yuzasidan murojaat kelib tushgan va u 6 fevral kuni e'lon qilingan edi.

Oradan bir kun o‘tib, ya'ni 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan mazkur masala o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida mazkur mahalla hududida mobil aloqa operatorlarining 2G aloqa signallari mavjudligi va aloqa qamrovi barqaror ekanligi ma'lum bo‘ldi. Ushbu hududda Unitel MChJ, UMS MChJ va UzMobile mobil aloqa operatorlarining 3G aloqa signallari mavjud ekanligi va aloqa ochiq joylarda ishlashi, COSCOM MChJ mobil aloqa operatorining 3G aloqa signallari mavjud emasligi aniqlandi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyuldagi “2017-2018 yillarda Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi 471-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “O‘zbektelekom” AK Surxondaryo filiali tomonidan Qiziriq tumani Bandixon qo‘rg‘onidan “Birdamlik” mahallasigacha bo‘lgan 10 km oraliqda optik tolali aloqa liniyalarini qurish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar natijasida “Birdamlik” mahallasi hududida yashovchi aholining simli telefon aloqasi, telekommunikatsiya va internet xizmatlariga bo‘lgan talablarini qondirish imkoniyati yaratilishini ma'lum qilamiz”, deyiladi taqdim etilgan ma'lumotda.

Shuningdek, yuqoridagi murojaatda mazkur mahallada elektr ta'minoti yuzasidan ham muammolar borligi qayd etib o‘tilgan. Ushbu masala yuzasidan “Surxondaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ quyidagilarni ma'lum qilgan.

6 fevral kuni energosistemaning barqarorligini ta'minlash va sistemani saqlab qolish maqsadida avtomatik ravishda SAON avtomatikasining (yuklamani kamaytirishning maxsus avtomatikasi) ishlashi natijasida Qiziriq tumanini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi 110kVli L-Sherobod-markaz-1 havo elektr uzatish tarmog‘ining SAON avtomatikasidan o‘chishi natijasida Qiziriq tumani “Birdamlik” mahallasida elektr energiyasi ta'minotida qisqa vaqtda uzilishlar sodir bo‘lgan. Bu holat uchun AJ tomoni mazkur mahallada istiqomat qiluvchi aholidan uzr so‘ragan.

Murojaatda tabiiy gaz ta'minotidagi muammolar ham tilga olingan, biroq “O‘ztransgaz” AJ bu masalaga hech qanday munosabat bildirmadi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid