«Bu itning tishlari namuncha oq bo‘lmasa...»

(Iyso alayhisalom)

«Anna Karenina»ni yozishga o‘tirishdan oldin ruslarning buyuk adibi Lev Tolstoy o‘sha paytlarda g‘arbdan kirib kelayotgan adabiyot haqida fikr yuritar ekan, o‘sha asarlarda buzuqlik va fahshning tarannum etilishi borasida ham o‘z fikrlarini yozadi. Cherkovning katta ta'siri ostida bo‘lgan ruslarning juda ko‘pchiligi bu asarlar yot g‘oyalar ekanini aytar va jamiyatga bo‘lgan zarari haqida ayuhannos solishardi.

«Bir joyda shartli ravishda cherkov va uning yonidagi fohishaxonani tasavvur qiling» – deydi u – «agar siz fohishaxonaga kirib, to‘qson to‘qqiz foiz buzuqlik haqida va bir foiz din haqida va'z o‘qisangiz, bu joyga yaxshilikni olib kirgan bo‘lasiz. Chunki, o‘sha bir foiz mana shu fohishaxona uchun yot tushuncha o‘laroq kirib kelgan va targ‘ib qilgan bo‘ladi. Aksincha, agar cherkovga kirib, to‘qson to‘qqiz foiz Xudodan gapiring va bir foiz buzuqlik g‘oyalari haqida so‘zlang – ishonavering, siz bu yerda buzuqlik targ‘ibi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lib qolasiz».

Ya'ni, Tolstoy bu masalaga savolni biroz boshqacha qo‘yadi: o‘sha davrdagi rus mentaliteti «cherkov»midi yoki «fohishaxona»? Boshqacha qilib aytganda, bir tomchi vino sutni buzadi, aroqni emas...

Avvalo, aytib qo‘yay, men ham televizorimning axloqli bo‘lishini istayman. Ammo, keling, biroz realist bo‘laylik, «Sevgi iztirobi»ni taqiqlash bilan televizorimiz axloqli bo‘lib qolmadi. Umuman, bu taqiqni televizorimizni axloqliroq qilishdagi kichik bo‘lsa-da, bir qadam sifatida baholamagan bo‘lardim. Baribir, o‘sha ko‘rsatuvlar, o‘shanaqaroq seriallar davom etyapti, buni rad eta olmaysiz.

Boshqa tomondan, agar badiiy asar qahramonlarining har bir harakati targ‘ibot deb baholansa, har qanday kinodan ayb topish mumkin. Gollivud, Bollivud, «Mahallada duv-duv gap»dan boshlab, barcha o‘zbek filmlarini qo‘ying, hatto islomiy va axloqiy yo‘nalishdagi adabiy mualliflarga ham murojaat qilish mumkin: Tohir Malikning «Murdalar gapirmaydilar» yoki Muhammad Nurilloh Raufxonning «Oq bino oqshomlari»dagi xiyonat yanada xunukroq edi, men sizga aytsam.

Bu mayli boshqa mavzu. Ursangiz ham, so‘ksangiz ham, tan olishim lozimki, tanqid qilgan va taqiqlashni talab qilgan juda ko‘pchilikdan farqli ravishda, men «Sevgi iztirobi» serialini oxirigacha ko‘rganman. Ushbu serialdagi ba'zi sahnalariga e'tiboringizni qaratay:

***