Jahon | 20:51 / 23.02.2018
10065
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri loyihasiga start berildi

Foto: Reuters

Turkmaniston juma kuni Afg‘on seksiyasi bo‘yicha 8 milliard dollarlik qiymatga ega gaz quvurini o‘tkazish bo‘yicha qurilish ishlari boshlangani haqida e'lon qildi. Ushbu gaz quvuri energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo mamlakatini Pokiston va Hindiston bilan bog‘laydi. ArabNews shu haqida xabar berdi.

Turkmaniston tabiiy gaz zaxirasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi, biroq so‘nggi bir necha yilda Rossiya gaz importini qisqartirganidan keyin Turkmaniston iqtisodiyoti ma'lum darajada Xitoyga gaz eksport qilish ko‘rsatkichlariga bog‘lanib qolgan.

"Kattaligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda qayd etiluvchi Galkinish TAPH (Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston)ga quvur yetkazib beradi", - dedi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov. 

Bu so‘zlarni aytganida Berdimuhammedov Afg‘oniston  prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston bosh vaziri Shohid Hoqon Abbosiy va Hindiston tashqi ishlar vaziri M.Ya.Akbar bilan birga Afg‘onistonning g‘arbidagi Hirot shahrida bo‘lgan.

AQSh va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan TAPH loyihasi 1990-yillarda Turkmaniston tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. Biroq gaz quvuri o‘tkazilishi ustidagi ishlar Afg‘oniston chegarasidagi muammolar tufayli kechiktirib kelingan.

Bu gaz quvuri Turkmanistonga Osiyoda yangi iste'molchilarni topish va yiliga 35 milliard kubometr gaz sotib oluvchi  Pekinga tobe'lik darajasini kamaytirish imkonini beradi. 

Mavzuga oid