O‘zbekiston | 19:00 / 23.02.2018
9024
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston parlamenti spikeri Janubiy Koreyaga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Chon Se Gyun “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha anglashinuv Memorandumi”ni imzoladi.

2018 yil 21 fevral kuni, Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi majlislar zalida ikki davlat Parlamenti vakillari o‘rtasida samarali muloqot bo‘lib o‘tdi. 

Tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida to‘xtalishdi.

Hamkorlik memorandumida belgilangan vazifalarni bajarishda zarur vositalarni ishga solish yuzasidan fikrlar almashildi.

Koreya Respublikasi tomoni parlamentlararo aloqalarda Oliy Majlis vakillarining 11 yil oldingi Koreya Respublikasiga hamda Chon Se Gyunning 2017 yil 11 sentabrdagi O‘zbekistonga tashrifi ahamiyatiga alohida to‘xtalishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyidagi Davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni tubdan yangi bosqichga olib chiqilganini ta'kidlashdi.

O‘zbekistonning joriy yilning 10 fevralidan Koreya Respublikasi fuqarolariga viza tizimini bekor qilgani ikki mamlakat fuqarolarining ham o‘zaro faol do‘stlashuvi va hamkorligini yuksaltirishga imkon berishi yuksak baholandi.

N.Ismoilov Prezident Sh.Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga tashrifidan so‘ng O‘zbekistonda ta'lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va iqtisodiy sohada ko‘plab o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilganini bildirdi. Shuningdek, u tashrif davomida qator shifoxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish va kelgusida ular bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish niyatida ekanligini aytib o‘tdi.

Muzokaralar yakunida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Tomonlar mazkur memorandum nafaqat ikki mamlakat parlamentini, balki har ikki davlatni yanada bir-biriga yaqinlashtirishini ta'kidlashdi.

Memorandum ikki tomonloma siyosiy, iqtisodiy, savdo, investitsiya masalalarini qamrab olgan va unda ikki tomonloma tajriba almashish, parlamentda “aqlli axborot kommunikatsiya texnologiyalari”ni joriy etish kabi qator masalalar nazarda tutilgan.

Mavzuga oid