O‘zbekiston | 15:50 / 26.02.2018
5522
2 daqiqa o‘qiladi

Gruziya O‘zbekiston uchun tranzit yuk tashish narxini 50 foizga arzonlashtirdi

Foto: Tashqi savdo vazirligi

Joriy yilning 22 va 23 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri o‘rinbosari S.Saifnazarov boshchiligidagi ishchi guruh Tbilisida bir qator vazirlik, idora va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Gruziyaning iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini Tbilisida o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi doirasida maxsus bitimlar va shartnomalar tuzish, xususan, transport va logistika sohasida, Gruziya hududidan o‘tadigan transport koridorlar bo‘yicha hamda Tbilisi shahrida qo‘shma savdo uyining ochilishiga tegishli masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi «Gruziya temir yo‘llari» OAJ rahbariyati bilan uchrashdi va temir yo‘l sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro transport koridorlaridan samarali foydalanish hamda ikki davlat temir yo‘llari orqali tranzit yuklarini tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishdi.

«Ushbu muzokaralarning natijalaridan biri, bu Gruziya tomonidan barcha turdagi o‘zbek mahsulotlarini tashib o‘tilishi uchun 50 foiz chegirmaning taqdim etilishidir», - deydi tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Sohib Saifnazarov.

O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Gruziya qishloq xo‘jaligi vazirligi va Tbilisi shahri hokimiyatida bo‘lib, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan avtomobil va qishloq xo‘jaligi texnikasining butun liniyasi taqdimoti bilan yaqindan tanishdi shuningdek, katta mahalliy avtodilerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid