Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nursulton Nazarboyev va Imomali Rahmon nimalarni muhokama qiladi?
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bugun Ostonadagi qarorgohida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashadi.
Uchrashuv kunning ikkinchi qismiga mo‘ljallangan, uning yakunlariga ko‘ra qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Ostonadagilar bo‘lajak muzokaralarga katta umid bog‘lashmoqda.
O‘zaro munosabatlar
Imomali Rahmon Qozog‘istonga bundan avval 2006 va 2008 yillarda kelgan. Qozog‘iston rahbari esa 2007, 2011 va 2015 yillarda Tojikistonga tashrifni amalga oshirgan.
Qozog‘istonning Tojikistondagi elchisi Nurlan Seytimovning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan juda qalin aloqalar o‘rnatilgan, Qozog‘iston va Tojikiston munosabatlari do‘stona va strategik hamkorlik yo‘sinida rivojlanmoqda.
«Davlat rahbarlari o‘zaro rasmiy tashriflar vaqtida hamda turli xalqaro maydonlarda tez-tez uchrashib turishgan. Qozog‘iston prezidentining Dushanbega oxirgi tashrifi 2015 yil sentabrida amalga oshirilgandi. O‘shanda imzolangan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Qayd etishni istardimki, Tojikiston bunday shartnomani faqat 4 davlat bilan — Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkmaniston bilan imzolagan», — dedi Seytimov Tojikiston rahbarining Ostonaga tashrifi arafasida.
U Qozog‘iston tomoni Tojikiston prezidentining Ostonaga tashrifiga alohida e'tibor bilan qaramoqda va bu «ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlovchi tashrif» bo‘lishiga ishonch bildirilmoqda.
Savdo imkoniyatlari
Qozog‘iston Tojikiston tashqi savdosidagi hamkorlar ichida uchinchi o‘rinda turadi. 2017 yil yakunlariga ko‘ra, bu mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 776 million dollarni tashkil etgan. Bu esa 2016 yildagiga qaraganda 31,5 foizga ko‘p demakdir. Qozog‘istondan Tojikistonga asosan, bug‘doy, un, suyultirilgan gaz, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari eksport qilinadi. Tojikistondan Qozog‘istonga rudalar, meva va sabzavotlar olib kelinadi.
Ushbu tashrifdan keyin Qozog‘istonda ishlab chiqilgan lokomotivlar va avtomobillar eksporti ham yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Seytimovning so‘zlariga ko‘ra, Tojikistonga Qozog‘istonda yig‘ilgan 4ta lokomotiv yetkazib berilgan.
«Ular temir yo‘l sohasini yangilamoqchi. Ular yangi yo‘llar qurishadi, sohani qayta tashkil etishadi. Davlat mamlakatning barcha hududlarini temir yo‘llar bilan qamrab olishni istamoqda. Shu tufayli Qozog‘iston lokomotivlariga u yerda katta talab mavjud», degan elchi.
Yangi kelishuvlar
Qozog‘iston va Tojikiston rahbarlari Ostonada mintaqada va dunyoda kun tartibida turgan dolzarb masalalar yuzasidan muhokama o‘tkazishadi va yakunda qo‘shma bayonot qabul qilishadi.
Uchrashuv davomida ikki davlat fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilish, shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv (unga ko‘ra, Qozog‘iston va Tojikiston o‘rtasida axborot almashinuvi mexanizmini tuzish ko‘zda tutilgan) imzolanadi.
«Bunday kelishuvlar evaziga tomonlar bir-birini doimiy tarzda tezkor xabardor qilib turishi mumkin bo‘ladi. Bu huquq-tartibot organlari sohasida katta ahamiyatga ega bo‘ladi», degan Qozog‘iston elchisi.
Shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan kelishuv imzolanishi rejalashtirilgan, unga ko‘ra, davlatlar o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazilishi belgilanadi.
Mavzuga oid
17:42 / 06.07.2026
Qozog‘istonning bosh masjidi Nazarboyev sharafiga «Nursulton» nomini oldi
18:41 / 02.04.2026
Tojikiston prezidenti oziq-ovqat narxlari «misli ko‘rilmagan darajada» oshishidan ogohlantirdi
20:14 / 27.03.2026
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Buxoroda to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurdi
15:27 / 27.03.2026